Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

O‘mon: O‘zbekistonning Sultonlikdagi elchisi Abdusalom Hotamov ko‘chmas mulk sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarni birlashtiruvchi “Oman Real Estate Association” rahbari Hasan Rug‘ayshiy bilan uchrashdi. Muloqot davomida mavjud hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya: Kun chiqar yurt Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlash maqsadida uchrashuv tashkil qilindi. Muloqot chog‘i savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish hamda yuqori darajadagi kelishuvlar ijrosini ta’minlash zarurligi o‘zaro ma’qullandi.

Xorvatiya: Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonovning ushbu davlatga tashrifi doirasida mahalliy ish beruvchilar bilan muzokara o‘tkazildi. Uchrashuvda qurilish, payvandchilik va transport sohalarida o‘zbekistonlik mutaxassislarni ishga jalb qilish, turizm, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish mavzulari ko‘tarildi. Xorvatiyada qurilish sohasida boshlang‘ich ish haqi 1 300-1 400 yevroni tashkil etishi ma’lum qilindi.

Italiya: Joriy yil 14-16-oktabr kunlari Italiyada bo‘lib o‘tgan “TTG Travel Experience-2026” xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stend bilan ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va xalqaro turizm bozoridagi imkoniyati namoyish etildi.

Germaniya: Elchi Dilshod Ahatov GFR Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat federal vazirligi parlament davlat kotibi Martina Englxardt-Kopf bilan uchrashdi. Muloqotda agrosanoatni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiya joriy etish, chorvachilikni rivojlantirish hamda investitsiyaviy va ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Belarus: Andijon viloyati hokimligi va tadbirkorlari tashabbusi bilan Belarusning Vitebsk viloyati Gorodok tumanida go‘sht yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy chorvachilik majmuasi quriladi. Loyiha 4 000 bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA