Tashqi diplomatiya
O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Buyuk Britaniya. “Wild Frontiers” hamda “Sofi Ibbotson” “Uzbekistan Airways”ning Birlashgan Qirollikdagi brend ambassadori bilan hamkorlikda O‘zbekistonning betakror turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazdi.

O‘mon Sultonligi. O‘zbekistonning Maskatdagi elchisi Abdusalom Xatamov ushbu o‘lkadagi yirik kompaniyalardan biri “Oman Trading Establishment” (OTE) shirkati boshqaruv kengashi raisi Sa’d Suxayl Bahvon hamda shirkat direktori Muhammad Sa’d Bahvon bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro muloqot davomida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Germaniya. GFRda bo‘lib turgan O‘zbekiston Migratsiya agentligi vakillari yurtimizning Berlindagi elchixonasida nemis ish beruvchi va rekruting kompaniyalari xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlarda tashqi mehnat migratsiyasini qonuniy va xavfsiz tashkil etish, shuningdek, tibbiyot, qurilish, sanoat va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. “B2B” formatli uchrashuvlar yakunida qator kelishuvlar va memorandumlar imzolanib, o‘lkamiz fuqarolari uchun Germaniya mehnat bozorida yangi imkoniyatlar yaratildi.

Yaponiya. Nagoya universiteti bilan ilmiy hamkorlik doirasida “Mahalla” modeli xalqaro maydonga chiqmoqda. O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligidagi delegatsiyaning kunchiqar yurtga tashrifi Nagoya universitetidan boshlandi. U yerda universitet prezidenti Naoshi Sugiyama bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda isloh qilinayotgan mahalla instituti muhokama qilindi.

Vengriya. O‘zbekistonning Budapeshtdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning “CEPOL” tashkiloti direktori vazifasini bajaruvchi Maylis Pukonin bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Turkiya. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘zaro muloqot davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam siyosiy iroda va o‘zaro ishonch asosida keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Shuningdek, parlamentlararo muloqotlar va hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Rossiya. Moskvada O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining yangilangan idorasi ochildi. Tadbirda O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov, Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, RF bosh prokurori o‘rinbosari Pavel Gorodov hamda yirik ish beruvchilar va yuridik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA