Tashlandiq hudud zamonaviy dam olish maskaniga aylanadi
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida aholi uchun munosib yashash va dam olish sharoitlarini yaratish, hududlarni obodonlashtirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar izchil davom etmoqda.
“Chekirchi” mahalla fuqarolar yig‘inida ko‘p yillar davomida qarovsiz holda yotgan, sizot suvlari to‘planib kelgan hudud endilikda zamonaviy aholi dam olish maskaniga aylantirilmoqda. Ayni paytda bu yerda keng ko‘lamli tuproq ishlari amalga oshirilib, sun’iy ko‘l barpo etish va atrof hududni obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.
Mazkur loyiha davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan aholi uchun qulay va munosib yashash muhitini yaratish, mahallalarni obodonlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan tashabbuslarning hududlardagi amaliy ifodasi sifatida ahamiyatlidir.
Umumiy qiymati qariyb 5 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish, salqin ichimliklar savdosi kabi yo‘nalishlarda 30 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu esa kelgusida 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish, mahalliy aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini kengaytirish imkonini beradi.
Loyihaning yana bir muhim jihati — avval foydalanilmay, qarovsiz holda turgan hududning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatga ega maskanga aylantirilayotganidir. Ya’ni bu yerda nafaqat dam olish uchun qulay muhit yaratiladi, balki xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanib, yangi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ayni paytda tuman hokimligi tomonidan hududdagi ishlar o‘rganilib, sun’iy ko‘lga tutash maydonlarni obodonlashtirish, atrof-muhitni tartibga keltirish, mavjud noqonuniy qurilmalarni belgilangan tartibda bartaraf etish hamda aholi uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha doirasida aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun sayr hududlari, dam olish joylari va turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, hududdan oqib o‘tuvchi “Gurdush” kanali suvini aylanma tizim asosida samarali yo‘naltirish orqali sun’iy ko‘lning barqaror suv ta’minotini ta’minlash rejalashtirilgan.
E’tiborlisi, bu tashabbus oddiy obodonlashtirish loyihasi bilan cheklanmaydi. U aholi farovonligi, bandlik, tadbirkorlik va hududning turistik-dam olish salohiyatini bir nuqtada uyg‘unlashtirgan kompleks loyiha sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Kechagina qarovsiz va tashlandiq holatda bo‘lgan hududning bugun aholi uchun zamonaviy dam olish maskaniga aylantirilayotgani Qorako‘l tumanida obodonlashtirish ishlari yangi mazmun kasb etayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bunday loyihalar hudud qiyofasini o‘zgartirish bilan birga, odamlar uchun yangi imkoniyat, tadbirkorlar uchun yangi maydon va mahalla aholisi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratadi.
Shu ma’noda, Chekirchida barpo etilayotgan yangi maskan mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini jonlantirish, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va Qorako‘l tumanining zamonaviy qiyofasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri