Tashabbuslarga qanot bo‘lgan uchrashuv
Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedovning “Adliya – yoshlar orasida” aksiyasi doirasida yosh avlod vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda Namangan davlat universiteti yuridik fakulteti hamda Namangan viloyati yuridik texnikumi bitiruvchilari ishtirok etdi.
Dastavval, tadbir qatnashchilari boshqarma boshlig‘i tomonidan sayyor tartibda qabul qilinib, ularning muammolari tinglandi. Qabul davomida kelgusida ishga kirish istagida bo‘lganlarga tavsiyalar berildi. Shundan so‘ng, 100 nafardan ziyod talaba ishtirokida rahbar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda adliya boshqarmasi hamda uning tizimidagi asosiy yo‘nalishlar haqida mas’ul mutasaddilar tomonidan taqdimotlar o‘tkazilib, zarur tushunchalar berildi.

Yoshlar tomonidan takliflar ilgari surilgani va savollar bilan murojaat etilgani uchrashuvni yanada ochiq shaklda o‘tishiga, asosiysi ular adliya idoralari faoliyatiga befarq emasligiga yorqin dalil bo‘ldi. Qolaversa, yoshlar uchun sport musobaqalarini aynan adliya organlari tomonidan uyushtirilishi, maxsus stipendiyalar joriy etilishi, yosh kadrlar masalasida fikr-mulohazalar, tashabbuslar tinglandi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda uning tizimidagi muassasalarda yuzdan ziyod yigit-qiz faoliyat yuritmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.