Tarozining qaysi pallasidamiz?
Oxirgi paytlarda davlat organlaridan axborot olish birmuncha osonlashgani, ochiqliq siyosati amalda qoʻllanilayotganligi quvonarli hol.
Oxirgi paytlarda davlat organlaridan axborot olish birmuncha osonlashgani, ochiqliq siyosati amalda qoʻllanilayotganligi quvonarli hol.
Albatta, demokratik jamiyatda davlat xalq bilan hisoblashishi zarur.
Har yaxshining bir ammosi, har yomonning bir “lekin”i boʻlganidek, bu “ochiqlik” aslida nimalarga olib kelmoqda?!
Ijtimoiy tarmoqlar kuzatuvchi sifatida aytishim mumkinki, bugun qaysi “shoʻrpeshona amaldor, qovun tushirar ekan”, deb kutib oʻtirgandekmiz. Oʻz-oʻzidan axborot isteʼmoli madaniyatimizni ham koʻrsatmoqdamiz. Ha, qishda oʻyimizda “tezak” yoqib, otamiz tengi inson arava tortganida biz media-madaniyat haqida gapirishimiz qiyindir balki.
Ammo... biz oʻzimizga oʻzimiz yordam bermasak, chetdan kelib hechkim qoʻllamaydi. Balki tomoshabinga aylanadi, xolos.
Boʻlayotgan jarayonlarda odamlar toʻrt tomonga boʻlinishgan. Birinchisi gapiradi va oʻylamay “qovun tushiradi”, ikkinchisi asosli tanqid qilib, tanqidini isbotlab beradi, uchinchi tomon, oʻsha tanqiddan igʻvo tarqatadi, toʻrtinchisi esa jim kuzatadi.
Jurnalistika fakultetida oʻqishni boshlaganimning dastlabki kunlarida ustozimiz bizga: “Jurnalistlar tarozining ikki pallasida turishadi, bir tomoni xalq, bir tomoni davlat. Tenglikni saqlash ularning qoʻlida. Bir tomonga yon bosgan vaqtda, muvozanat buzilib, obyektivlik yoʻqoladi. Ikki tomonga koʻprik boʻlishadi”, degan edi.
Jurnalistlar, shuningdek, bloggerlar tarozining qaysi pallasida?! Prezidentimiz bizga bergan vakolat va ishonchdan qanchalik toʻgʻri foydalanyapmiz?! Albatta, muammolar asosli ekanligini isboti bilan koʻrsatib, obyektivlikni saqlab qolayotgan jurnalist va bloggerlar faoliyatini kuzatishimiz mumkin. Ammo, tarmoqda oʻsha amaldor aytgan gapning bir qatoridan katta muammo yasab, ishchanlikka taʼsir etib, obroʻsizlantirayotganlar yoʻq emas.
AXBOROTNING QURBONI BOʻLAYAPMIZ
XXI asr axborot asri deb bong urdik, axborot bizning qoʻlimizda boʻlar ekan deb xursand boʻldik, ammo, afsuski axborotni boshqarish imkoni yoʻq. Axborotning qurboni boʻlayapmiz, xolos.
Biz haqli tarzda, oʻzimiz saylagan deputatlarimizning ish faoliyatini tanqid qilishga haqqimiz bor. Bekorga ularni xalq vakili deyishmaydi. Minbardagi amaldorning ish faoliyatini kuzatishimiz, unga baho berishimiz, oʻrinli tanqid qilishimiz, bu fuqarolik pozitsiyamizni bildiradi. Ammo... shaxsiyatga oʻtish bizning ishimiz emas!
Bizga bildirilgan ishonch aslida muammolarni borligicha olib chiqish (boʻrttirmay), xalqimizning turmush-tarzini yaxshilash maqsadida oʻsha amaldorlarga, deputatlarimizga har tomonlama yordam berish emasmi?! Lekin oxirgi paytlarda ishimiz gʻiybat va igʻvo tarqatishdan iborat boʻlib qolmayaptimi?!
Xoʻsh, biz tanqid qilgan insonlarni eng uzogʻi bilan ishdan boʻshatishar, ammo muammolar oʻsha-oʻsha boʻlib qolaveradi. Chunki yangi kelgan “kursi egasi”ga ham shunday munosabat koʻrsatamiz.
Chindan-da, jipslik, xalqimizning sharoitini yaxshilash boʻyicha taklif bergandan koʻra, “kursi egasi”ning bir qator gapini olib, uni, sarlavhaga chiqarib, tanqid qilish oson.
O. Ortiqaliyev, huquqshunos: – Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obroʻsini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi” deyilgan.
“Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksning 41-moddasiga koʻra, “Haqorat qilish, yaʼni shaxsning qadr-qimmatini qasddan kamsitish – eng kam ish haqining 20 barovaridan 40 barobarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi” deb koʻrsatilgan.
Hechkimning inson shaxsiyatiga aralashishga haqqi yoʻq. Inson huquqlari qonun bilan himoyalanadi.
Ijtimoiy tarmoqda ayrim guruhlar bor. Ularning faoliyatini bevosita kuzata turib, shunga amin boʻldikki, ular tanqid qilish emas, balki igʻvo, fitna va shaxsiy adovat tufayli, postlar yozib, kuzatuvchilarni ham oʻzi igʻvo tarqatgan tashkilotga alamzadalik hissini uygʻotishga sababchi boʻlmoqda.
Insonlarda nafrat tuygʻusini uygʻotish juda oson. Ayting, qaysi birimiz, tanqid qilayotgan tashkilotlarimizning ish jarayoni bilan qiziqdik. Haqiqatki, ular “absolyutno” qiziq emas. Balki tashkilot ichida tizimli muammolar bordir, uni OAV yuziga olib chiqib, oʻrinli takliflar berish kerakdir. Yoʻq, bu oʻsha tashkilotning muammosi, toʻgʻrimi?! Afsuski, shunday oʻylashga oʻrganib qolganmiz. Jipslik, hamjihatlik tushunchalari esa...
“Facebook” ijtimoiy tarmogʻini kuzatib, shunday xulosaga kelishimiz mumkin, qaysidir tashkilot bizga yordam bermasa, u birinchi dushmanimizga aylanadi va u haqida fikrlarimiz salbiy boʻladi. Ayniqsa, nodavlat, notijorat tashkilotlari bilan suhbatda boʻlganimizda, koʻpincha shunga guvoh boʻlamiz.
– Fuqarolik jamiyati instituti sifatida mamlakat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi umummilliy dasturlarda ijtimoiy sherik sifatida toʻlaqonli ishtirok etib kelmoqdamiz, – deydi M.N (ism-sharifi oshkor etilmadi). – Uchinchi sektor vakili boʻlganimiz uchun, tijoriy tomondan oʻzimizni-oʻzimiz taʼminlashga toʻgʻri keladi. Qoʻlimizdan kelganicha, xalqimiz farovonligini taʼminlashda hissa qoʻshib kelyapmiz. Ammo ayrim vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, bizdan yordam soʻragan, ammo tashkilotimiz yordam berolmagan shaxslar turli boʻhton gaplar tarqatib, amaliy ishlarimizni yoʻqqa chiqarmoqdalar. Masalan, Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro R.T murojaat qilgan. Farzandi shartnoma boʻyicha tahsil oladi.Murojaatda keltirilishicha, farzandining shartnoma pulini toʻlab berishimizni soʻragan. Oilaviy sharoitini oʻrgandik, (aslida tashkilotimiz ijtimoiy koʻmak bilan shugʻullanmaydi) bunga ehtiyoj yoʻq. Ammo oʻgʻliga ish topishda yordamlashdik. Bunga koʻnishmadi. Natijada ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar orqali turli yoʻllar bilan tashkilotimizga tuhmat toshlarini otdi.
Prezidentimiz insonlarni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish uchun izchil islohotlarni joriy etmoqda. Yordamga muhtoj insonga bekorga “Baliq bermang, baliq tutishni oʻrgating”, deyishmagan.
Ha, afsuski, xolislikni taʼminlash va haqiqatni yuzaga chiqarish, osonlikcha boʻlmaydi. Biz haqiqat deb bilgan narsa balki aksi boʻlishi mumkin.
Albatta, ijtimoiy tarmoqlarda hamma oʻz fikrini bildirishga haqli, ammo tuhmat qilishga, shaxsni obroʻsizlantirishga haqqimiz yoʻq. Soʻz erkinligi boʻlganligi juda yaxshi, lekin bu hamma narsa haqida istagandek aytish mumkin degani emas. Biz tanqid qilayotgan amaldor-u, deputatlarimizning oilasi, mahalla-koʻyi, doʻst-u qarindoshlari bor. Shaxsiyatga aralashish, yaxshilikka olib kelmagan.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimizning turli bahs-munozaralarga kirishgan “janglarini” kuzatgan boshqa millat vakillari tilimizni tushunib, yozganlarimizni anglasa bormi, millat sifatida kulgiu va uyatga qolishimiz tayin.
“Es borida etakni yopmoq lozim...” deya bejizga aytishmagan. Bugun oʻzimizni nazorat qilmasak, ijtimoiy tarmoqlarda yozishdan avval oʻylab koʻrmasak, millat sifatida birlashib rivojlanish uchun bir-birimizni qoʻllamasak... ertaga kech boʻlishi tayin.
Ha, tanqid qilish, muhokama qilish oson boʻldi. Bizdan hechkim qolmadi: deputatlar, hokimlar, hokim oʻribosarlari, turli tashkilotlar, endi navbat kimga?!
Qahramon Shermatov,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari
Federatsiya bosh mutaxassisi