Tarixchi ustozlar bayram bilan qutlandi
Yurtimizda 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar davom etmoqda.
Yurtimizda 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar davom etmoqda. Ana shunday shukuhli tadbirlardan biri Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Tarix fakultetida bo‘lib o‘tdi.
FAKULTETDAN OLTI NAFAR AKADEMIK ChIQQAN
Bugungi kunda respublikamizdagi tarixchi mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yetakchi ilm dargohlaridan biri hisoblangan mazkur muassasada bir nafar akademik, 7 nafar professor, 26 nafar fan nomzodi, shuningdek, yana shuncha malakali pedagog-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda. Ular yurtimizning bo‘lajak tarixchi, arxeolog, antropolog, shuningdek, arxiv sohasi mutaxassislariga tahsil berishyapti.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, fakultetning birgina arxeologiya kafedrasidan turli davrlarda olti nafar akademik chiqqan. Bugungi kunda ham mazkur dargohdagi uchta ilmiy maktab respublikamizni salohiyatli kadrlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etyapti. Fakultet pedagogik jamoasi jahonda ham o‘z o‘rniga ega.
TANTANALI TADBIR TONGDAN BOShLANDI
Ko‘tarinki ruhni kun boshidan boshlash uchun fakultetga tashrif buyurayotgan professor-o‘qituvchilar skripka sadolari ostida tantanali qarshilandi. Talabalar tashabbusi bilan tashkillangan ertalabki chiqishlarda yurtimiz atoqli shoirlarining o‘qituvchilarni madh etuvchi she’rlari o‘qildi. Ustozlarga bag‘ishlangan mushoira kitobxon talabalarning o‘qituvchilarga tuhfasi bo‘ldi.
Dars mashg‘ulotlari boshlangach, qutlovlar guruhlarda davom etdi. Darslarning kirish qismida mazkur fakultetda uzoq yillar faoliyat yuritgan, respublikamizda tarix sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar xotirlandi.
USTOZ-ShOGIRLIK AN’ANASI BARDAVOM BO‘LSIN
Mashg‘ulotlar nihoyasida fakultetning professor-o‘qituvchilari bir yerga jamlandi. Tantanali tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan akademik Anatoliy Sagdullaev yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi.
– Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli islohotlar o‘qituvchini jamiyatimizning eng hurmatli kishisiga aylantirishni maqsad qilgan. Bu professor-o‘qituvchilar uchun ham katta sharaf va ayni paytda ulkan mas’uliyatdir. – deydi Anatoliy Sagdullaev. – Oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida bugun O‘zbekiston Milliy universiteti flagmanga aylanyapti. Bunda professor-o‘qituvchilarning hissasi va mehnati ulkan.
Oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri fakultetimizdagi ustoz-shogirdlik an’anasini yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy salohiyatli yosh kadrlarimiz safini yanada kengaytirishdan iborat. – deb so‘zida davom etdi akademik Sagdullaev. – Biz bu borada faqat Siz aziz ustozlarga suyanamiz va mamlakatimiz tarix ilmi kelajagini Siz kabi fidoyilarning zahmatli mehnatida deb bilamiz.
Tadbir davomida o‘tgan o‘quv yilida faollik ko‘rsatgan bir qator professor-o‘qituvchilar fakultet ma’muriyati tomonidan taqdirlandi. Taqdirlash marosimi talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar va kuy-qo‘shiqqa ulanib ketdi.
Hikmatjon POLVONOV,
fakultet dekanining
Yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari