Tarix va bugun uyg‘unlashgan sayohat
Mehnat faxriylari va ishlayotgan pensionerlar uchun tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy sayohat ishtirokchilarga Sirdaryoning boy tarixiy merosi, sayyohlik salohiyati va zamonaviy maskanlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Tarixiy eksponatlar, qadimiy shahar xarobalari va zamonaviy sog‘lomlashtirish maskani bir kunlik sayohatni mazmunan boyitdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida tashkil etilgan tadbirda kasaba uyushmalari tizimida ko‘p yillar mehnat qilgan faxriylar hamda bugun ham faoliyat yuritayotgan pensionerlar ishtirok etishdi.
Sayohatning dastlabki manzili — Sirdaryo viloyati Tarix va madaniyat davlat muzeyi bo‘ldi. Tashrif davomida ishtirokchilar voha tarixining turli davrlariga oid arxeologik topilmalar, etnografik ashyolar, milliy qadriyatlar va tarixiy hujjatlar bilan tanishishdi.
1990-yil 13-dekabrda tashkil etilgan muzey fondida 3 ming 434 ta eksponat saqlanadi. Ularning 1 ming 810 tasi asosiy, 1 ming 624 tasi yordamchi fondga kiritilgan.
Ekspozitsiyadan eneolit davriga mansub tosh o‘q uchlari, miloddan avvalgi IX–VII asrlarga oid sopol muhrlar, antik davrga tegishli Anaxita haykalchasi, bronza davriga oid tosh don yanchgich, X–XI asrlarga mansub tangalar, sopol ko‘zalar, xumlar, idishlar va boshqa noyob ashyolar o‘rin olgan.
— Muzeydagi har bir eksponat Sirdaryoning muayyan bir tarixiy davridan darak beradi. Fondni boyitish, mavjud ashyolarni asrash va ilmiy o‘rganish ishlari muntazam davom ettirilmoqda. Arxeologlar bilan hamkorlikda Xovos tepaliklarida olib borilayotgan tadqiqotlar natijasida yangi topilmalar aniqlanmoqda. Bu esa voha tarixini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini bermoqda, — deydi muzeyning yetakchi mutaxassisi Alisher Yo‘ldoshev.
[gallery-30769]
Muzeydagi tarixiy xazina bilan tanishuvdan so‘ng sayohatchilarning keyingi manzili — Xovos tumanidagi Eski Xovos tepaligi bo‘ldi. Qadimda muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan mazkur maskan Sirdaryoning eng qadimiy tarixiy yodgorliklaridan biri hisoblanadi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu hudud miloddan avvalgi IV asrdan milodiy X asrga qadar Farg‘ona, Choch va So‘g‘dni bog‘lagan savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan. Shu jihatdan Eski Xovos nafaqat tarixiy yodgorlik, balki qadimgi savdo va madaniy aloqalarni o‘zida mujassam etgan muhim manzillardan biridir.
Arxeologik qazishmalar jarayonida bu yerdan miloddan avvalgi III–II asrlarga oid Anaxita haykalchasi, X–XI asrlarga mansub tangalar, XII asrga oid Humo qushi tasviri tushirilgan chiroq dastasi, maxsus simob idishchasi, turli davrlarga oid muhrlar, xurmacha-ko‘zalar va naqshli idish-tovoq bo‘laklari kabi ko‘plab osori atiqalar topilgan.
2019–2020-yillarda hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida Xovos tumanida «O‘lkashunoslik muzeyi» tashkil etildi. Ayni paytda arxeologik izlanishlar davomida topilgan 7 mingdan ziyod tarixiy ashyoning asosiy qismi ushbu muzeyda saqlanmoqda.
Xovosning 2 ming 500 yildan ziyod tarixga ega ekani, hududda qadimda 28 ta tabarruk qadamjo bo‘lgani va ulardan 12 tasi bugunga qadar saqlangani uning sayyohlik salohiyati yuqori ekanidan dalolat beradi.
— Sirdaryoda yashab, o‘z viloyatida bunday qadimiy tarixiy manzillar borligini bugun yaqindan bilib oldim. Ayniqsa, Eski Xovosning Buyuk ipak yo‘li chorrahasidagi muhim manzillardan biri bo‘lgani qiziq. «Ko‘hna Xovos» ziyoratgohi va arxeologik yodgorliklar majmuasi katta tarixiy ahamiyatga ega. Bu maskanni keng targ‘ib qilish, sayyohlar uchun yanada jozibador manzilga aylantirish muhim, — deydi mehnat faxriysi Nazira Boyqulova.
Qadimiy Xovosning tarixiy nafasi bilan tanishgan sayohatchilarning keyingi yo‘nalishi zamonaviylik sari burildi. Sayohatning so‘nggi manzili — O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi Yangiyer sanatoriysi bo‘ldi.
2019-yilda rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan mazkur majmua 85 milliard so‘mlik loyiha asosida barpo etilgan. 230 o‘ringa mo‘ljallangan sanatoriyning umumiy maydoni 32,3 gektarni tashkil etadi. Bu yerda zamonaviy tibbiy va maishiy infratuzilma yaratilgan. Elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi, aloqa va kanalizatsiya tizimlari yangilangan. Hududda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 34 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.
Sanatoriy hududining obodonligi va ko‘kalamzorligi ham e’tibordan chetda qolmagan. Bu yerga 3 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt, shuningdek, turli gul ko‘chatlari ekilgan. Elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida 2 ta yangi GKTP transformatori o‘rnatilgan.
— Sirdaryoda bunday zamonaviy sanatoriy borligini bilmas ekanman. Oqtosh va Chimyon sanatoriylarida bo‘lganman. Bu yerdagi sharoitlar ham ulardan qolishmaydi. Muolaja olish uchun zarur imkoniyatlar, ertalabki va kechki sayrlar uchun soya-salqin maskanlar yaratilgan. Taassurotlarim juda yaxshi. Keyingi safar yo‘llanmani aynan Yangiyer sanatoriysiga olish niyatidaman, — deydi mehnat faxriysi Farhod Boynazarov.
Tadbir davomida ishtirokchilar nafaqat tarixiy va madaniy meros bilan tanishdi, balki yurtdoshlarimiz, xususan, mehnat faxriylari uchun yaratilayotgan zamonaviy dam olish va sog‘lomlashtirish imkoniyatlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Mazkur sayohatning ahamiyati ham shunda — u kecha va bugunni bir nuqtada uyg‘unlashtirdi. Muzeyda asrab-avaylanayotgan tarixiy xazina, Eski Xovos tepaligidagi qadimiy shahar izlari va Yangiyer sanatoriysidagi zamonaviy sharoitlar Sirdaryoning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etdi.
Zero, tarixni anglash — bugunni qadrlashga, bugungi taraqqiyotni ko‘rish esa kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi. Sirdaryoning tarixiy manzillari va zamonaviy maskanlarini qamrab olgan ushbu sayohat ishtirokchilar uchun oddiy bir safar emas, balki vohaning boy o‘tmishi va bugungi salohiyatini his etish imkonini bergan mazmunli ma’rifiy tadbir bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA