Targ‘ibot aksiyalari OIV infeksiyasining oldini olishga yordam beradi
Boisi, muntazam tashkil etiladigan tushuntirish ishlari va bepul skrining tekshiruvlari fuqarolarga o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan qarash, xavf omillaridan o‘z vaqtida ogoh bo‘lish hamda kasallikni erta bosqichda aniqlash imkonini tug‘diradi.
Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassislari tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi avtobus parki haydovchilari va xodimlari ishtirokida OIV/OITS profilaktikasiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri va aksiya tashkil etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar ishtirokchilarga OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari, xavf omillari va uning oldini olish choralari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, o‘z vaqtida tibbiy tekshiruvdan o‘tishning muhimligi hamda kundalik hayotda sog‘lom turmush tarziga qat’iy rioya qilish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Aksiya doirasida avtobus parki xodimlari va haydovchilaridan ixtiyoriy ravishda qon namunalari olinib, OIV infeksiyasiga bepul va maxfiy skrining tekshiruvlari o‘tkazildi. Bunday amaliy tadbirlar aholi, xususan, mehnat jamoalari o‘rtasida OIV/OITS bo‘yicha tibbiy savodxonlikni oshirish, kasallikning barvaqt oldini olish hamda uni erta bosqichda aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Qosimova, O‘zA