Taraqqiyotning asosiy kafolati
O‘zbekistonda oxirgi yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Soha faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kengaytirish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 2 maydagi qaroriga muvofiq, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Ushbu hujjatda jami 26 ta amaliy chora-tadbir belgilangan bo‘lib, ularning barchasi fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini huquqiy, institutsional va axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Jamshid Jo‘rayev mazkur qaror bilan belgilangan muhim ustuvor yo‘nalishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
---- Birinchidan, sohaning huquqiy asoslari yanada mustahkamlanadi. Yo‘l xaritasining dastlabki bandlarida fuqarolik jamiyati faoliyatiga daxldor huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, yangilarini ishlab chiqish va mavjud qonunlarni takomillashtirish rejalashtirilgan.
Ikkinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Mazkur hujjatning markazida fuqarolik jamiyatining NNTlarning huquqiy, moddiy va axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi turibdi. Endilikda fuqarolik jamiyati institutlari faqat ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshiruvchi sub’ekt emas, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi uzviy bog‘lovchi bo‘g‘inga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Bu maqsadda 250 nafar NNT rahbari uchun maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etilishi, soliq, hisobot va grant tizimlari bo‘yicha aniq uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Ilg‘or tajribalar umumlashtirilib, barcha tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro o‘rganish va tajriba almashish maydoni yaratiladi.
Uchinchidan, jamoatchilik nazorati va faol fuqarolar uchun maydon yanada mustahkamlanmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat boshqaruvi jarayoniga jalb etish bugungi kunda yurtimizdagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bu endi aniq amaliy mexanizmlar, javobgarlik va ochiqlik asosida shakllanib bormoqda. Yo‘l xaritasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar bu so‘zda emas, amalda xalq ishtirokini ta’minlashga qaratilgan izchil harakatdir.
Davlat dasturlari faqat hujjatda qolib ketmasligi, ularning amalga oshish jarayoni jamoatchilik nazoratida bo‘lishi kerak. Jamoatchilik kengashlari endi faoliyat yurityaptimi yoki yo‘qmi, foydasi bormi, deb bosh qotirish shart bo‘lmaydi. Bular yillik reytinglar orqali ularning samaradorligi xalqqa ayon qilinadi.
Yoshlar bilan muloqot qiluvchi real platformalar tashkil etilishi, korrupsiyaga qarshi kurash, ekologik xavfsizlik va inson huquqlari kabi muhim yo‘nalishlarda jamiyat ovozining eshitilishi ta’minlanadi. Bu o‘zgarishlar orqali fuqaro o‘zini “tomoshabin” emas, balki islohotlar jarayonining to‘laqonli ishtirokchisi sifatida his etadi.
Bugungi islohotlar davrida jamiyatni ma’nan boyitish, aholining fikrlash madaniyatini shakllantirish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifaga aylanmoqda. Bu yo‘lda jurnalistlar, faollar va yoshlar singari jamiyatning turli qatlamlarini qamrab olgan maqsadli loyihalar Yo‘l xaritasida alohida o‘rin olgani bejiz emas.
Avvalo, axborot maydonidagi barqarorlik va mas’uliyatni ta’minlash maqsadida “Media-ta’lim va faktlarni tekshirish” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan. Bu tashabbus asossiz ma’lumotlarga qarshi jamoaviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, ilhomlantiruvchi mexanizm sifatida “Fuqarolik tashabbusi” milliy mukofoti joriy etiladi. Faol fuqarolarni yuksak minbarlardan e’tirof etish nafaqat ularning faolligini oshiradi, balki boshqalar uchun ham ibrat manbaiga aylanadi.
Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari to‘g‘risida yillik Milliy ma’ruza tayyorlanishi, 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi va “Fuqarolik jamiyati haftaligi” kabi choralar esa islohotlarni tizimli tahlil qilish, uni xalq bilan ochiq muloqotda baholash imkonini beradi.
Albatta, bularning barchasi 2025 yil sentyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Xalqaro demokratiya kuni”ga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bilan yaxlit mazmun kasb etadi. Ushbu anjuman O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining dunyo hamjamiyati oldida yuz tutishi, salohiyati va demokratik jarayonlardagi so‘zini aytish minbari bo‘lishi kutilmoqda.
Yo‘l xaritasida belgilangan har bir chora bu faqat rasmiy tadbir emas, balki xalq bilan muloqotni kuchaytirish, adolatli va ochiq boshqaruvni ta’minlash, fuqaroni qarorlar markaziga qo‘yish sari tashlangan qadamdir. Uning samarali ijrosi faqat davlat organlarining emas, balki jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlar va eng, avvalo, oddiy fuqarolarning faol ishtirokida namoyon bo‘ladi.
Fuqarolik jamiyati bu nafaqat davlatga yordamchi tizim, balki taraqqiyotning asosiy kafolati, xalqning ovozi, islohotlar tayanchi va adolatli jamiyat qurishning hal qiluvchi mexanizmidir. Demak, har bir faol fuqaro, har bir mas’ul tashkilot bu jarayonda o‘z o‘rnini topishi, o‘z hissasini qo‘shishi, o‘z yurti uchun mas’uliyatni his etishi zarur.
Zarif Komilov,O‘zA muxbiri