Taraqqiyot yo‘lidagi muhim tashabbuslar
Samarqand sammitida mintaqa davlatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni birgalikda bartaraf etish hamda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan bir qator hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston SHHTning ulkan imkoniyatlaridan foydalangan holda transport-aloqa tizimida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va turistik hamkorlikni rivojlantirish hamda ekologik muammolarning yechimini topishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston dunyodagi ochiq dengizga chiqishda geosiyosiy jihatdan eng murakkab davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat iqtisodiyoti rivojida bu o‘ziga xos ta’sirga ega, ya’ni tovar logistikasidagi eng arzon bo‘lgan suv yo‘li mahsulot tannarxiga katta ta’sir qiladi. Prezidentimiz sa’y-harakati bilan “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘lini barpo etish loyihasi tasdiqlanishi, avvalo SHHT makonida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishga, Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘llar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tranzitni kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbarini tashkilot a’zolarini “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyihani qo‘llab-quvvatlashga chaqirishi hamda SHHTning Birinchi transport forumini o‘tkazish bo‘yicha taklif bildirishi alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu temir yo‘l loyihasi mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, tovarlar aylanmasini kengaytirish hamda transport xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilsa, o‘tkaziladigan forum tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida temir yo‘llar barpo etish, erkin transport hududini yaratish masalalarining ilmiy va amaliy yechimini topishga zamin yaratadi.
Muxtasar qilib aytganda, umumiy manfaatlar yo‘lida o‘tkazilgan SHHTning Samarqand sammiti tashkilotning kelgusidagi faoliyatini kengaytirishga, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga hamda mintaqa aholisi hayotining farovonligini barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimiz va mintaqa davlatlari iqtisodiyotini rivojlanishida muhim vosita vazifasini bajaruvchi temir yo‘l tarmoqlarining kengayishi ishlab chiqarish va tovar ayriboshlashni keng makonda erkin amalga oshirishga yordam beradi.
O.Mamatkarimov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati
O‘zA