Taraqqiyot va farovonlik yo‘lida
Mustaqillik millat, davlat taraqqiyotining asosiy kaliti ekani barchamizga birdek ma’lum. Zero, ozod Vatan obod, xalqi farovon bo‘ladi, millat ilmda, ma’naviyatda yuksaladi.
O‘zbek xalqining turli bayram tantanalari ichida eng aziz ayyom bu – mustaqillik bayramidir. Xalqimiz ushbu ulug‘ bayramni har yili o‘zgacha shukuh bilan nishonlaydi. Ayniqsa, bu yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi har yilgidanda ko‘tarinki kayfiyat, hayajon va yangicha ruhda kutib olindi.
Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ining ochilishi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi qalbimizni faxrga, g‘ururga to‘ldirdi. Shuningdek, zalvorli mas’uliyat bilan burchga sadoqat va oliy maqsadlar sari yanada ishonchli odimlashimizga turtki berdi.
Prezidentimiz xalqimizga yuzlanib, o‘tgan davr, barcha sohalarda olib borilgan izchil islohotlar, ochiq-oshkoralik siyosati, erishilgan natijalar xususida so‘zlar ekan, kelgusidagi barcha reja va maqsadlarda xalq farovonligi, inson manfaatlari, qadr-qimmati eng ustuvor vazifa ekani butun o‘zbek xalqini to‘lqinlantirib yubordi.
bugungi kunda xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan erkin fuqarolik jamiyatini barpo etayotganimiz, siyosiy-huquqiy poydevori mustahkam bo‘lgan jamiyatni shakllantirishda inson huquqlari va uning qonuniy manfaatlarini eng oliy darajaga ko‘tarishga, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilayotgani va bu yo‘lda ildam odimlayotganimiz davlatimiz rahbarining adolatli siyosati natijasidir.
Oliy ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida yurtimizda so‘nggi 5 yilda qator yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etilib, qabul kvotasi 3 barobar oshirildi.
Barcha sohalardagi tub islohotlar jamiyatimizning ma’naviy uyg‘onishida namoyon bo‘layotgani va ma’naviy uyg‘oq jamiyatni, o‘z oldiga ulkan vazifalar qo‘yib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim o‘z yo‘lidan to‘xtata olmasligi ayni haqiqatdir.
Madaniyat va san’at sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar ham muvaffaqiyatlarimizning asosiy omillaridan biridir. Xususan, milliy merosimiz, boyligimiz sanalgan maqom, baxshichilik, hunarmandchilik kabi qadimiy san’atimizni asrab-avaylash, dunyo sahnasiga olib chiqishga qaratilgan qator qaror va farmonlarning qabul qilinishi Prezidentimizning madaniyat va san’atga bo‘lgan g‘amxo‘rligi ifodasidir.
Har ikki yilda o‘tkazilishi belgilangan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Xalqaro hunarmandchilik festivallarida unutilayozgan milliy qadriyatlarimiz, san’at namunalarimizga qayta jon bahsh etish bilan birga, ularni dunyoga ko‘z-ko‘z etmoqdamiz. Bu yil Xorazm viloyati Urganch shahrida ilk marotaba bo‘lib o‘tadigan Xalqaro “Lazgi” raqs festivali hamda Qoraqalpog‘istonda o‘tkaziladigan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining talaba-yoshlari o‘zlarining raqs ijrochilik mahoratlarini namoyish etib, betakror o‘zbek raqs san’atini dunyo san’at ixlosmandlari e’tiboriga taqdim etishi g‘oyatda quvonarli holdir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Lazgi” raqsimizning YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgani o‘zbek milliy raqs maktabining jahon miqyosidagi e’tirofidir. Shuningdek, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining tashkil etilishi hamda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblining ham qayta tashkil etilishi o‘zbek raqs san’atining yangi taraqqiyot yo‘lini boshlab berdi.
Ko‘plab vatandoshlarimiz kabi bizning ham ongu tafakkurimizda daxldorlik hissi, vatanparvarlik tuyg‘usi yorqin yulduz kabi porlayotgani va biz ham yangi O‘zbekiston bunyodkorlari safida ekanimiz barchamiz uchun ham g‘urur, ham faxrdir.
Bu kabi ulug‘ maqsadlar yo‘lida akademiya jamoasi ushbu yangi o‘quv yilini alohida tayyorgarlik va yanada mas’uliyat bilan boshladi. Kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan reja va maqsadlarimiz san’atimiz rivoji, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiladi.
Shuhrat To‘xtasimov,
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori.