Taraqqiyot siri ilm va ma’rifatda
18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Arab tili globallashuv davrida: innovatsion yondashuvlar va o‘qitish metodikasi” III-xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik ilmiy doira vakillari va yurtimizda faoliyat yuritayotgan Kuvayt, Misr, O‘mon Sultonligi, BAA, Falastin, Jazoir kabi arab davlatlari elchilari qatnashdi.
Tadbirda so‘z olgan Misr Arab Respublikasining elchisi Tamer Fathi Abdussalom Hammad, misirlik olim, filologiya fanlari nomzodi, dosent Said Koraim O‘zbekiston ilm-fani hamda tarixida arab tili ulkan o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Ta’kidlash lozim, bugun yurtimizda arabshunoslik sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida asosiy fan sifatida, O‘zMU, TDPU kabi oliy ta’lim maskanlarida esa qo‘shimcha til sifatida o‘qitilmoqda. Shuningdek, o‘lkamizda arab tiliga ixtisoslashgan maktablar ham mavjud.
[gallery-20806]
Anjuman doirasida har bir elchixona o‘z taqdimot-ko‘rgazmasini tashkil qildi. Ayniqsa, xattotlik san’atining jonli namoyishi va arab tilidagi kitoblar taqdimoti yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Ilmiy muhokamalar yakunida esa arab tilida notiqlik mahorati, ifodali o‘qish va sahna ko‘rinishlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi va g‘oliblar taqdirlandi.
– Xalqaro arab tili kuni munosabati bilan bu yerga taklif etilganim men uchun sharafdir, - dedi Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Irqi. – Chunki bunday ma’rifiy tadbirlar o‘zaro tanishuv va aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillar mobaynida Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlari, xususan, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot yo‘nalishida jadal rivojlanib bormoqda. E’tirof etish joiz, O‘zbekiston bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining 5 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bilasizmi, ta’lim va ilm-fan sohasida erishilayotgan yutuqlar har bir davlatning rivojlanish darajasini ko‘rsatuvchi asosiy mezonlar sirasiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni BMT tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, 2012 yildan buyon dunyo bo‘ylab nishonlanib kelinadi. YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra, sayyoramiz bo‘ylab arab tilida so‘zlashuvchilar soni 400 million kishini tashkil etadi.
Muharrama Pirmatova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA