Taqdirimizni muallim va murabbiy hal qiladi
Munosabat
O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida Prezident va xalq muloqotining yangi bir shakli o‘laroq yuzaga kelgan Murojaatnoma o‘zbek siyosiy diskursida el va ulus o‘rtasidagi kommunikatsiyaning eng samarali vositasi ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, yurtboshimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga bugungi Murojaatnomasi har yilgidan keng qamrovliligi va ko‘p qirrali qiyofasi bilan ajralib turadi.
bugungi Murojaatnomaning muhim, alohida ajralib turadigan bosh nuqtasi “sifatli ta’lim” masalasidir.
Yuz yillikning hozirgi tahlikali va o‘ta murakkab pallasida millatni qutqaruvchi, uning qaddi-qomatini tik tutuvchi va davlatning dunyodagi mavqeini yuksaltiruvchi yagona kuch ta’lim ekanligini Prezident qayta-qayta ta’kidladi. Eng asosiysi, “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!” deya alohida urg‘uladi.
Bu yilgi Murojaatnomada ta’lim sohasi vakillariga ayricha mas’uliyat va ishonch yuklandi. Prezidentimiz “Taqdirimizni muallim va murabbiy hal qiladi” deya ta’kidladi. Bu mamlakatning buguni va kelajagi o‘qituvchining qo‘lida ekanligining e’tirofidir. Bu muallimlarni nihoyatda sergaklikka, o‘z ustida har qachongidan ko‘proq ishlashga da’vat o‘laroq qabul qilinishi kerak.
Ayni kezda ta’lim sifati, o‘qituvchining nufuzi o‘rniga tushayotgan muhim bir burilish pallasiga yetib keldik. Shu o‘rinda biz – o‘qituvchilar bugunning yoshlari hayotiga asqotmaydigan, ularning ensasini qotiradigan, almisoqdan qolgan bilimlarni beraversak, bugungi tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy beramiz.
Yoshlar o‘tayotgan darslarimiz zamon bilan bog‘lanmaganligini doim aniq bilib turdi. Sizu biz – o‘zimiz bilmagan holda katta ziyolimiz. Ortimizdan mamlakat egasi bo‘ladigan yoshlar, o‘g‘il-qizlarimiz ergashmoqda. Agar hozirgi tarzda davom etadigan bo‘lsak, mamlakat taqdiri o‘zimizga o‘xshab tarbiyalangan, chala bilim olgan, tor fikrlaydigan mutaxassislar qo‘lida qolib ketishi mumkinligini ham esdan chiqarmasligimiz kerak.
Shu jihatdan bugunning o‘qituvchisi yangicha fikrlaydigan, yoshlar hayotidan uzilmagan, o‘z sohasining kelajak taraqqiyotini teran tahlil eta oladigan, asosiysi, yoshlarning ko‘ngliga kira oladigan haqiqiy “muallim” so‘zining lug‘aviy ma’nosiga javob beradigan ziyoli bo‘lish kerak. bugungi Murojaatnomadan davlat rahbari ta’lim sohasi vakillaridan kutayotgan va talab qilayotan eng asosiy nuqta ana shudir.
Qudratulla OMONOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
birinchi prorektori,
filologiya fanlari doktori, professor.
O‘zA