Tanzila Norboyeva: O‘zbekiston inklyuziv boshqaruvning samarali mexanizmlarini keng joriy etishda xalqaro amaliy hamkorlikni kengaytiradi
Tanzaniyaning Arusha shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI)ning 153-assambleyasi davom etmoqda. Dunyoning yuzdan ortiq davlatidan parlament rahbarlari va vakillari qatnashayotgan nufuzli xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.
Assambleya doirasida Parlamentlararo ittifoq Boshqaruv kengashining yig‘ilishi hamda «Inklyuzivlik, ishonch va imkoniyatlar orqali boshqaruvni mustahkamlash va jamiyatni rag‘batlantirish» mavzusida umumiy munozaralar bo‘lib o‘tdi.
PI Prezidenti Tuliya Ekson, PI bosh kotibi Anda Filip va boshqalar inklyuziv boshqaruvni ta’minlash, davlat institutlariga ishonchni mustahkamlash, teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, zamonaviy global tahdidlarga parlament diplomatiyasi vositalari orqali yechim topish muhimligini ta’kidladi.
Umumiy munozaralarda Senat Raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, odamlar o‘z hayotiga daxldor qarorlarni qabul qilish jarayonida ishtirok etishi, eng muhimi, ularning amaliy natijasini kundalik hayotida his qilishi inklyuziv boshqaruvning muhim mezoni ekanini ta’kidladi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil islohotlarning asosiy mezonlaridan biriga aylangani e’tirof etildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilangan. Islohotlar natijasida so‘nggi o‘n yilda kambag‘allik darajasi qariyb 35 foizdan 3,9 foizgacha pasaydi. Bu jarayonda faqat statistik ko‘rsatkichlarni yaxshilash emas, balki har bir oilaning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi va munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish ekani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston tomoni uchta amaliy yo‘nalishni taklif qildi. Birinchidan, qonun loyihalarini tayyorlashda jamoatchilik va mahalliy vakillik organlari bilan muloqotni kuchaytirish, fuqarolar bildirgan takliflar qabul qilinayotgan qarorlarda qay darajada aks etganini ko‘rsatib borish; ikkinchidan, byudjet va davlat dasturlarining turli hududlarda yashovchi aholi uchun teng imkoniyatlar yaratayotganini tizimli baholash; uchinchidan, parlament nazoratida faqat sarflangan mablag‘lar yoki taqdim etilgan hisobotlarga emas, qabul qilingan qarorlar natijasida odamlar hayotida yuz berayotgan real o‘zgarishlarga baho berish zarur.

Mazkur yondashuvlarni xalqaro maydonda ham izchil ilgari surmoqda. Joriy yil iyul oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasi tomonidan parlamentlarning ijtimoiy rivojlanishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilingani buning yaqqol ifodasidir.
O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoq maydonida ham ushbu maqsadlarga erishish, inklyuziv boshqaruvning samarali mexanizmlarini keng joriy etish va milliy tajribalar almashinuvini rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirishga tayyorligi aytib o‘tildi.
Estoniya, Tanzaniya, Keniya, O‘mon, Nigeriya va boshqa davlatlar parlamentlari vakillari tinchlik va barqarorlikni ta’minlash orqali jamiyatda ishonch va teng imkoniyatlarni qaror toptirish mumkinligini ta’kidladi.
Munozaralarda geosiyosiy keskinlik va qurolli mojarolar kuchayib borayotgan sharoitda xalqaro xavfsizlik va davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Tanzaniya, Arusha shahri