Tanlov savdosi bekor qilindi
Autsoring xizmati ko‘rsatish yuzasidan tender savdosini o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad, nisbatan arzon, sifatli xizmat ko‘rsatuvchini tanlash, shuningdek, shaffoflik va teng raqobatni ta’minlash ko‘zda tutiladi. Ming afsuski, bu borada ayrim mutasaddilar o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, turli qing‘irliklarni o‘ylab topmoqda.
Tender savdosidagi ana shunday qing‘irliklardan biri O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini ximoya qilish qo‘mitasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan fosh etildi.
Andijon viloyati Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan “Ovqat tayyorlash xizmatini autsorsinga berish” bo‘yicha boshlang‘ich narxi 1 milliard 235,2 million so‘m bo‘lgan lot xarid.uzex.uz maxsus platformasi orqali eng yaxshi taklif savdosi o‘tkazilgan.
Mazkur tanlov savdosida ishtirok etish uchun uchta ishtirokchi, ya’ni “Marjon teks savdo”, “G‘ayratbek 2020” hamda “Silver spoon perfect” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan “etender.uzex.uz” maxsus elektron axborot portali orqali onlayn tartibida o‘zlarining tijoriy takliflari va buyurtmachining talablariga asosan tegishli ma’lumot va hujjatlar joylashtirilgan.
Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan tanlov savdosi uchun buyurtmachi tomonidan qo‘yilgan mezon (kriteriya)lar bo‘yicha savdo ishtirokchilari belgilangan tartibda elektron shaklda hujjatlar topshirilgan bo‘lsa-da, biroq buyurtmachining mas’ul xodimi tomonidan asoslantirilmagan holda ball berilganligi, jarayon mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlari talablariga belgilangan tartibda rioya etilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, Paxtaobod tuman tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida o‘tkazilgan “Ovqat tayyorlash xizmatini autsorsinga berish” yuzasidan, boshlang‘ich narxi 1 milliard 235,2 mlilolion so‘m bo‘lgan tanlov savdosi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan bekor qilindi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA