Taniqli teleboshlovchi Rossiyani tark etdi
NTV kanalining taniqli boshlovchisi Liliya Gildeyeva Rossiyani tark etdi.
RIA Novostining xabar berishicha, u ishdan bo‘shash haqidagi arizasini boshqa mamlakatga ketganidan keyin yozgan.
Telekanal matbuot xizmati ham Gildeyeva NTVda endi ishlamayotgani haqidagi xabarni tasdiqlagan. Teleboshlovchining hozirgi bo‘lib turgan joyi ma’lum qilinmagan.
Gildeyeva NTVda 2006 yildan buyon ishlab kelayotgandi. U «Segodnya» dasturi boshlovchisi Aset Vatsuyevaning o‘rnini egallagandi va Aleksey Pivovarov bilan birgalikda boshlovchilik qilgan. Shuningdek, Gildeyeva NTV kanalida «Segodnya v 22:45» va «Segodnya. Itogi» ko‘rsatuvlarini ham olib borgan.
Bundan avvalroq ham Rossiya ommaviy axborot vositalari qator taniqli mediya xodimlari mamlakatni tark etgani haqida xabar tarqatgan edi. Ularning ko‘pchilligi, jumladan, jurnalist Kseniya Sobchak va teleboshlovchi Ivan Urgant ushbu qarorini mehnat ta’tiliga chiqqani bilan tushuntirishga harakat qilgandi. Masalan, Sobchak emigratsiya qilgani haqidagi mish-mishlarni rad etgan, Urgant esa qaytib kelishga va’da berib, mehnat ta’tiliga chiqish imkoniyatidan foydalanayotganini aytgan.