Taniqli me’mor ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma
Ko‘rgazmada ijodkorning grafik asarlari va turli loyihalarining maketlari namoyish etilmoqda.
Sergo Sutyagin 1937 yil 23 fevralda Moskva shahrida tavallud topgan. U 1960 yilda O‘rta Osiyo politexnika institutining “me’morlik” mutaxassisligini tamomlagan.
Sergo Sutyagin O‘zbekiston shaharsozlik institutida ish boshlaganidan so‘ng 60 yillik ish faoliyati davomida Toshkent, Samarqand, Dushanbe, Xiva, Qo‘qon, Urganch va Olmaliq shaharlaridagi ma’muriy va turar joy binolarini loyihalashtirishda hamda ularning qurilishida ishtirok etgan.
Taniqli me’morning 1975 yildagi “Samarqand darvoza” choyxonasi loyihasi ichki shaharsozlikdagi kichik “portlash”ni yuzaga keltirdi. Bunga qadar esa hamma yerda “kublar” va “parallelipedlar”lar barpo etilgan. To‘satdan eski shahar darvozasi o‘rnida piramida barpo etildi. Uning ustidagi gumbaz devorlardan uzilgan bo‘lib, u “muallaq holda turgan”. Saksoninchi yillarda bu inshoot poytaxtning diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan.
Me’mor Qo‘qon shahrida qurilgan Musiqali-drama teatri va Adabiyot muzeyi uchun Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA