Ta’lim va fan: yangi tashabbuslarga mustahkam poydevor
Bir-biriga yaqin strategik sheriklar sanalgan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha yo‘nalishlarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasida ham jadal rivojlanib bormoqda.
Har ikki davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlariga ko‘ra, Namangan davlat universitetida boshlangan O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining hududlararo anjumani buning yorqin namunasidir. Ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, fan, innovatsiyalar sohasidagi strategik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ushbu yirik anjumanda O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari administratsiyalari vakillari, tegishli vazirliklar hamda yuzga yaqin oliy ta’lim, ilmiy muassasalarning yetuk mutaxassislari, yetakchi oliygohlar rektorlari ishtirok etmoqda.

Uning ochilishida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi boshqarma rahbari Igor Maslov, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohruh Daliyev, Rossiya Federatsiyasi fan va oliy ta’lim vazirining o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy hamda boshqalar O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, muhandislik maktablarini tashkil etish, pedagogik va muhandislik kadrlarni tayyorlash sohasida yangicha yondashuvlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Rossiya oliygohlarining filiallarida o‘n mingga yaqin talabalar tahsil olib, ularda mingga yaqin o‘zbek va rossiyalik professor-o‘qituvchilar birgalikda ishlamoqda. Yaqin kunlarda Toshkentda Nikolay Ernestovich Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali ish boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, u mazkur nufuzli oliygohning xorijdagi ilk filialiga aylanadi.

– Rossiya Federatsiyasi bilan 2018 yil oktyabr oyida Toshkentda yangi sifatda boshlangan ta’lim sohasidagi hamkorlik oxirgi yetti yilda jadallik bilan rivojlandi. Ikki tomonlama o‘tkazilgan hududlararo rektorlar anjumani O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi qo‘shma fakultetlar, qo‘shma ta’lim dasturlari kabi amaliy loyihalar ijrosiga xizmat qilmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti rektori, tarix fanlari doktori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev. – Anjumanning aynan bizning oliygohda tashkil etilishi ham bejiz emas. Boisi, universitetimizda mamlakatimiz iqtisodiyotini ravnaq toptirish, ilmiy yangiliklarni joriy etish borasida Rossiya oliygohlari bilan samarali hamkorlik o‘rnatilgan. Anjuman jarayonida imzolanadigan to‘rtta shartnomaga ko‘ra, endilikda fizika-matematika, kimyo va boshqa aniq fanlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etiladi. Anjuman doirasida, hukumatlararo iqtisodiy hamkorlik komissiyasining fan va ta’lim bo‘yicha quyi komissiya yig‘ilishi, “U2U” shakldagi ikki tomonlama uchrashuv va muhokamalar, pedagogik kadrlar tayyorlash, o‘rta maxsus ta’lim tizimi va ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil etish bo‘yicha davra suhbatlari, til va madaniyatning ta’lim va jamiyatdagi roliga bag‘ishlangan muhokamalar kabi qator muhim tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, ayni paytda oliy ta’lim tizimida akademik mobillik, bitiruvchilarni ishga joylashtirish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, “WorldSkills” standartlari asosida kasbiy ta’limni joriy etish faollashmoqda.
Xullas, O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining hududlararo anjumani ikki davlat o‘rtasidagi ta’lim va fan sohasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, yangi qo‘shma tashabbuslarga poydevor bo‘lishi kutilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.