Ta’lim tizimidagi islohotlar o‘z samarasini bermoqda
Umumiy o‘rta maktablarda ta’lim sifatini belgilaydigan asosiy mezonlardan biri bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichidir. 2026-yilda Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi maktablarni 1 188 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning 747 nafari, ya’ni 62,4 foizi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu natija bilan Navbahor tumani viloyatda birinchi o‘rinni qayd etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini rivojlantirish hamda ta’lim muassasalarida zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Navbahor tumanida ham bu borada izchil ishlar amalga oshirilib, o‘quvchilarning bilim darajasini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni rivojlantirish va ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.

- Bugungi kunda tumanimizda 36 ta umumta’lim maktabi va 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda, - deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Abduhoshim Qarshiyev. - Ularda 18 607 nafar o‘quvchiga 1 969 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda. Pedagoglarning 437 nafari oliy, 516 nafari birinchi, 498 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lib, malaka toifasiga ega pedagoglar ulushi 73 foizni tashkil etmoqda.
Maktablarda iqtidorli o‘quvchilarning fan olimpiadalaridagi natijalari ham yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Agar o‘tgan yili asosiy fan olimpiadasining viloyat bosqichida 6 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 9 nafarga yetdi. “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasining respublika bosqichida 1-maktab o‘quvchisi 3-o‘rinni, “Muhandislik-ixtirochilik” olimpiadasida esa 9-maktab o‘quvchisi birinchi o‘rinni egalladi. “Jasorat maktabi” sifatida tanlangan 34-maktab o‘quvchilari “Jasorat uchqunlari” musobaqasining viloyat bosqichida 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida ham faol ishtirok etdi. Yoshlarning tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi va ma’naviy dunyoqarashini boyitish maqsadida “Jadidlar izidan” respublika tanlovining viloyat bosqichida 10-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Shodiyona Shavkatova 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Bitiruvchilarning yuqori natijalarga erishishida ularning fanlarni puxta o‘zlashtirishi, mustaqil tayyorgarligi va pedagoglarning samarali mehnati muhim o‘rin tutmoqda. Xususan, joriy yilda 35 nafar bitiruvchi 189 ball to‘plab, eng yuqori natijaga erishdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi ko‘rsatgichga nisbatan 18 taga ko‘pdir. O‘quvchilarning milliy va xalqaro sertifikatlarga egalik darajasi ham sezilarli oshdi. Agar o‘tgan yili sertifikatga ega o‘quvchilar soni 506 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 1 610 nafarga yetdi.
Ta’lim sifatini oshirishda o‘qituvchilarning malakasini muntazam ravishda oshirib borish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va zamonaviy ta’lim usullarini amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. 2025-2026 o‘quv yilida tumandagi 17 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etilgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida yana 8 ta maktabda yangi baholash tizimini joriy etish ishlari boshlandi. Ushbu tizim orqali o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari har chorakda baholab boriladi.

Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalarga erishgan maktablarni rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi “Sifatli ta’limni ta’minlashda ijobiy natijalar ko‘rsatayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbariyati hamda o‘qituvchilariga ustama berish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, belgilangan mezonlar asosida 10-maktab rahbarlari va pedagoglariga 40 foiz, 35-maktabga 30 foiz, 3-, 18- va 20-maktablarga 20 foiz, 6-, 23- va 33-maktablarga esa 10 foizdan ustama to‘lovlari belgilandi. Shuningdek, hozirda tumanda 22 nafardan ortiq o‘qituvchi erishgan yuqori natijalari va kasbiy yutuqlari tufayli oyiga 1 000 AQSH dollariga teng miqdorda maosh olmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan 3 nafar o‘qituvchi 100 foiz, pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalariga ko‘ra 86 balldan yuqori natija ko‘rsatgan 37 nafar pedagoglar 70 foizlik ustamalar olib kelmoqda.

Tumanda ta’lim tizimiga xorijiy tajribani olib kirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 3-, 6-, 8- va 20-maktablarga xorijlik mutaxassislar jalb etilgan. So‘nggi uch yil davomida jami 12 nafar xorijlik mutaxassis olib kelinganligi ta’lim jarayonini xalqaro tajribalar asosida takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirish va mutolaa madaniyatini rivojlantirishda maktab kutubxonalarining o‘rni beqiyos. Navbahor tumanidagi umumta’lim maktablarida 36 ta kutubxona faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy fondi 598 722 tani tashkil etadi. Shundan 72 809 tasi badiiy adabiyotlar, 31 351 tasi elektron adabiyotlar, 492 466 tasi darsliklar va 2 096 tasi metodik adabiyotlardan iborat.

O‘quvchilarni kitob mutolaasiga keng jalb qilish maqsadida maktablarda turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Barcha sinflarda “Kitob burchaklari” tashkil qilingan bo‘lib, maktab direktorlari va pedagoglar o‘quvchilar bilan birgalikda kutubxonalarga tashrif buyurish, kitob o‘qish va asarlar mazmunini muhokama qilish ishlariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida turli yo‘nalishlardagi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Tumandagi umumta’lim maktablarida 1 177 ta to‘garak faoliyat yuritib, ularga 15 610 nafar o‘quvchi jalb qilingan. Bu umumiy o‘quvchilar sonining qariyb 84 foizini tashkil etadi. To‘garaklar fan, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik, kasb-hunar hamda harbiy-vatanparvarlik kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Bugungi kunda tumanda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosalari asosida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 30 nafar bola o‘z yashash hududiga yaqin joylashgan 12 ta maktabga inklyuziv ta’lim olish uchun yo‘naltirildi. Bu har bir bola uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Ta’lim sifati faqat dars jarayoni va o‘qituvchi mahorati bilan cheklanmaydi. Maktab binolarining holati, sport maydonlari, oshxonalar, faollar zallari va o‘quv xonalarining zamonaviy talablarga javob berishi ham muhim ahamiyatga ega. Navbahor tumanida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida bir qator qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

“Investitsiya” davlat dasturi doirasida 1-maktabni mukammal ta’mirlash va unga qo‘shimcha 480 o‘rinli bino qurish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan 5-, 8-, 14-, 19-, 22-, 23-, 29-, 33- va 36-maktablarda ta’mirlash hamda qo‘shimcha binolar qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur ishlar natijasida 6 699 o‘quvchi o‘rnini mukammal ta’mirlash va yana 1 636 ta yangi o‘quvchi o‘rnini yaratish belgilangan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri