Ta’lim tizimi yangi bosqichga chiqmoqda
Jizzax viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan press-tur va matbuot anjumani sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib berishga xizmat qildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va erkin ijodkorlar ishtirok etib, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar bilan joyida tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Tadbir Jizzax shahridagi 39-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida brifing bilan boshlandi. 1989-yilda tashkil etilgan mazkur muassasa uzoq yillar ta’mirga muhtoj holatda bo‘lgan. 2025-yilda esa davlat byudjeti hisobidan qariyb 7,6 milliard so‘m ajratilib, to‘liq rekonstruksiya qilindi. Bugun bu yerda yaratilgan zamonaviy sharoitlar va ilg‘or ta’lim usullari ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng tadbir boshqarma binosida matbuot anjumani tarzida davom etdi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan anjumanda sohadagi muammolar, taklif va tashabbuslar muhokama qilinib, jurnalistlarning savollariga aniq va asosli javoblar berildi. Bu esa ta’lim tizimida ochiqlik va shaffoflik ta’minlanayotganidan dalolat beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda jami 2325 ta ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shundan 600 tasi maktab, 1709 tasi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Maktabgacha ta’lim qamrovi 79 foizga yetkazilib, 114 mingdan ortiq bola qamrab olingan. Ayniqsa, 6 yoshli bolalarning 96,1 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingani e’tiborlidir. Nodavlat sektor ulushining 42,3 foizga yetgani esa sohada xususiy tashabbuslar faollashayotganini ko‘rsatadi.
Pedagog kadrlar salohiyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozir o‘qituvchilarning 92 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning ulushi yil sayin ortib bormoqda. Shuningdek, oylik maoshi 1000 dollardan yuqori bo‘lgan o‘qituvchilar soni 1029 nafarga yetgan.
Infratuzilmani rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2023–2025-yillarda 420 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga 156 ta ta’lim ob’ektida qurilish va ta’mirlash ishlari bajarildi.
Ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlar ham izchil joriy etilmoqda. Joriy o‘quv yilida 164 ta maktabda yangi baholash tizimi tatbiq etildi, 20 ta maktabda esa o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, xalqaro tajribalar asosida ta’lim sifati oshirilmoqda.
2026-yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ham aniq belgilab olingan. Jumladan, maktabgacha ta’lim qamrovini yanada kengaytirish, barcha 6 yoshli bolalarni to‘liq qamrab olish, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushini 34 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yangi baholash tizimini ommalashtirish, xorijiy mutaxassislar sonini oshirish va o‘quvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichini 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
[gallery-28702]
Xulosa qilib aytganda, Jizzax viloyatida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat raqamlarda, balki amalda ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Bu esa kelajak avlodning bilimli va raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishiga mustahkam zamin yaratmoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA