Ta’lim sohasiga o‘tgan yillikka nisbatan 5,6 trillion so‘m ko‘p mablag‘ ajratilgan
Parlament quyi palatasi majlisida 2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilinar ekan, iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov aholi turmush sharoiti va farovonligini yuksaltirish, barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida hamda ta’lim sohasida olib borilayotgan tizimli va izchil islohotlar va ularning samarasi xususida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilganidek, ijtimoiy soha xarajatlari 8,7 foizga o‘sib, jami xarajatlarning 51,5 foizini tashkil etgan. Aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va yashash sharoitini yaxshilash borasidagi dasturlar va loyihalar to‘liq moliyalashtirilmoqda.
Bunda ta’lim sohasiga 49,5 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,6 trillion so‘m ko‘p mablag‘ ajratildi. Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga 2 trillion so‘mdan ortiq subsidiyalar ajratildi. Natijada 815 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda qariyb 42 mingdan ortiq yangi o‘rin yaratildi. Shuningdek, 150 ta maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 406 milliard dollar ajratildi. Hisobot davrida respublika bo‘yicha 3-6 yoshdagi bolalarning 78,4 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.
Umumiy o‘rta ta’limga 34 trillion so‘mdan ortiq yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,2 trillion so‘m ko‘proq mablag‘ ajratildi. Shundan sohani rivojlantirish dasturlari uchun 433 milliard so‘m yo‘naltirildi. Yangi maktablar qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish borasida yaratilgan shart-sharoitlar natijasida xususiy maktablar soni mamlakatimiz bo‘yicha 551 taga yetdi.
Hisobot davrida davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylari soni 386 taga, ularning sig‘imi 156 mingdan oshib, yotoqxonaga ehtiyoji mavjud talabalarning 57 foizi qamrab olindi. Talabalar turar joylarini barpo etish, xususiy sheriklarni qo‘llab-quvvatlash va ijara xarajatlarini qoplash uchun 382 milliard so‘m ajratildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA