Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik ilm-fan rivojiga xizmat qiladi
Yurtimizda «Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi» degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda barcha sohalar qatori ta’lim sohasidagi islohotlar ham xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi «Ziyo-zukko» umumta’lim maktabiga Yaponiyaning Nagoya universiteti Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi professorlaridan iborat delegatsiya mehmon bo‘ldi.
Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad respublikada maktab ta’limi sohasidagi islohotlar bilan yaqindan tanishish, pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga doir hamkorlik masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi professori, dekan muovini Shibata Yasuaki boshchiligidagi delegatsiyani O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, «Ziyo-zukko» umumta’lim maktabi direktori Nargiza Ismatova hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kutib oldi.
Suhbat davomida mehmonlarga mamlakatimizda ta’lim sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Yurtimiz ta’lim tizimidagi islohotlar Uchinchi Renessans g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish maqsadida amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Darhaqiqat, har qanday taraqqiy topgan mamlakatning ertangi kuni yoshlarning bilimi bilan bevosita bog‘liq. Shu bois ta’lim tizimini rivojlantirish masalasiga hukumat darajasida e’tibor qaratilishi har bir davlatning muhim vazifasi hisoblanadi.
Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi professori, dekan muovini Shibata Yasuaki yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tarixan mazmunli, keng miqyosdagi hamkorlik aloqalariga boy bo‘lganini e’tirof etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

Uchrashuv davomida Nargiza Ismatova «Ziyo-zukko» maktabi haqida so‘z yuritdi. Bugungi kunda maktabda 730 dan ortiq o‘quvchiga 130 dan ziyod o‘qituvchi saboq bermoqda. Matematika, O‘zbekiston tarixi, ingliz tili va arab tili, ona tili fanlaridan qo‘shimcha fanlar o‘qitiladi. Maktabda turli to‘garaklar mavjud.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi qoshidagi «Ziyo-zukko» umumta’lim maktabi hamda Yaponiyaning Nagoya universiteti Pedagogika va inson resurslarini rivojlantirish oliy maktabi o‘rtasida o‘zaro pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishga doir hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Ikki mamlakat ta’lim muassasalaridagi o‘xshash metodlarni yanada rivojlantirish, yangicha metodlarni o‘rganish har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lishi qayd etildi.
N.Usmonova,
O‘zA