Ta’lim huquqiga 60 yil: Har bir inson uchun teng imkoniyatlar
Insoniyat tarixining qaysi bir davriga nazar tashlamaylik, taraqqiyot va farovonlikning ortida aynan bir omil - bilimga bo‘lgan intilish turganini ko‘ramiz. Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan asrda esa bu haqiqat yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ta’lim bu shunchaki maktab yoki universitet partasida olinadigan axborotlar majmuasi emas. U inson hayotini tubdan o‘zgartirishga, uning ichidagi yashirin salohiyat va orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘lgan eng qudratli kuchdir.
Joriy yilda inson huquqlari tarixidagi muhim xalqaro hujjatlardan biri - Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qabul qilinganiga 60 yil to‘lmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ushbu hujjat ta’lim olish huquqining xalqaro miqyosda e’tirof etilishi va mustahkamlanishida alohida o‘rin tutadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi Asilbek Mo‘minov ushbu xalqaro pakt xususida quyidagilarni ma’lum qildi:
–Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 13-moddasida har bir insonning ta’lim olish huquqi e’tirof etilib, ta’lim shaxsning har tomonlama kamol topishi, uning qadr-qimmatini anglashi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarga hurmat ruhini mustahkamlashga xizmat qilishi lozimligi belgilangan. Mazkur tamoyillarning ahamiyati shundaki, ta’lim olish imkoniyati insonning kelib chiqishi, moddiy ahvoli yoki ijtimoiy mavqei bilan belgilanmasligi kerak. Har bir inson o‘z qobiliyati va intilishlarini ro‘yobga chiqarish uchun munosib imkoniyatga ega bo‘lishi muhim.
O‘tgan oltmish yil davomida dunyo ta’lim tizimi sezilarli darajada o‘zgardi. An’anaviy sinfxonalar bilan bir qatorda raqamli ta’lim platformalari, masofaviy o‘qitish, xalqaro akademik almashinuv dasturlari va zamonaviy ta’lim texnologiyalari keng rivojlandi. Ammo bu o‘zgarishlar zamiridagi asosiy g‘oya o‘zgarmadi: ta’lim har bir inson uchun ochiq va imkon qadar qulay bo‘lishi lozim.
Mamlakatimizda ham ta’lim olish huquqini ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasida har kim ta’lim olish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu konstitutsiyaviy qoida davlatning uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich professional ta’limni kafolatlash, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun inklyuziv ta’limni ta’minlash kabi vazifalari bilan yanada mustahkamlangan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 51-moddasida fuqarolarning davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olish huquqi belgilangan. Bu esa yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun muhim imkoniyatdir. Ta’lim sohasida teng imkoniyatlarni ta’minlash haqida gap ketganda, faqat ta’lim muassasalari soni yoki mavjud o‘quv dasturlariga e’tibor qaratishning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi, ta’lim imkoniyatlaridan kimlar va qanday sharoitlarda foydalanayotganidir. Masalan, chekka hududda yashovchi bolaning sifatli ta’lim olishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oiladan chiqqan yoshning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi yoki nogironligi bo‘lgan shaxsning o‘z qobiliyatini namoyon eta olishi ta’lim tizimidagi adolat va tenglikning amaliy ifodasidir.
Shuning uchun ham ta’limda teng imkoniyatlar yaratish nafaqat ta’lim siyosatining, balki inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosatining ham muhim tarkibiy qismidir. Bugun yoshlarimiz uchun xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bilim olish, xalqaro dasturlarda qatnashish va dunyoning yetakchi ilmiy markazlari tajribasini o‘rganish imkoniyatlari ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Xorijda tahsil olish tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, xalqaro ta’lim muhiti insonga faqat yangi bilimlarni emas, balki turlicha fikrlash, mustaqil izlanish, madaniyatlararo muloqot qilish va dunyoga kengroq nazar bilan qarash ko‘nikmalarini ham beradi. Eng muhimi, bunday tajriba insonda o‘z bilimini jamiyat manfaatlari yo‘lida qo‘llashga bo‘lgan mas’uliyatni kuchaytiradi. Ayni paytda, sifatli ta’limning asosiy mezoni faqat xorijda yoki nufuzli universitetda tahsil olish bilan belgilanmaydi. Ta’limning haqiqiy samarasi inson olgan bilimlarini amaliyotda qay darajada qo‘llay olishi, mustaqil fikrlashi va jamiyat rivojiga qanday hissa qo‘shishi bilan namoyon bo‘ladi.
Bu jarayonda o‘qituvchining o‘rni beqiyos. Chunki har qanday zamonaviy texnologiya yoki mukammal o‘quv dasturi ortida bilim beradigan, yoshlarni izlanishga undaydigan va ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan ustoz mehnati turadi. Bejizga Konstitutsiyamizning 52-moddasida o‘qituvchi mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirishning asoslaridan biri sifatida e’tirof etilmagan. Pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning kasbiy rivojlanishi va farovonligiga e’tibor qaratish, pirovardida ta’lim sifati va yosh avlod kelajagiga xizmat qiladi.
Oliy ta’limda faoliyat yuritayotgan pedagog sifatida shuni alohida ta’kidlash joizki, bugungi talaba faqat tayyor bilimni o‘zlashtirish bilan cheklanmasligi kerak. U savol berish, mustaqil tahlil qilish, o‘z fikrini asoslash va yangilik yaratishga intilishi zarur. Ana shunday yondashuv ta’limni oddiy bilim berish jarayonidan shaxsni har tomonlama rivojlantirish vositasiga aylantiradi. Shu bilan birga, ta’lim olish huquqining to‘laqonli ta’minlanishi yoshlarning o‘z imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini ham mustahkamlaydi. O‘z oldiga maqsad qo‘ygan, izlanishdan to‘xtamagan va bilim olishga intilgan yosh uchun yaratilgan har bir imkoniyat kelajakdagi katta yutuqlarning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Bugun xalqaro hamjamiyat Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligini nishonlash arafasida turgan bir paytda, unda belgilangan ta’lim olish huquqining mazmun-mohiyatiga yangicha nazar tashlash ayniqsa dolzarb. Zero, ta’lim olish huquqi qog‘ozda mustahkamlangan kafolat bo‘lib qolmasdan, har bir inson hayotida real imkoniyatga aylanishi zarur.
Buning uchun ta’limning ochiqligi, sifati va uzluksizligini ta’minlash, barcha uchun teng imkoniyatlarni kengaytirish hamda o‘qituvchi mehnatining nufuzini oshirish muhim ahamiyatga ega. Ta’limga berilgan e’tibor inson qadriga berilgan e’tibordir. Bilim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan inson o‘z kelajagini mustaqil quradi, oilasi farovonligiga hissa qo‘shadi va jamiyat taraqqiyotining faol ishtirokchisiga aylanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA