Talabchan, mehribon, fidoyi ustoz
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abbosxon Usmonov – talabchan, mehribon, fidoyi, odamgarchiligi butun ijodkor. Abbosxon Usmonov tabarruk 80 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari ustozni qutlash uchun uning xonadoniga bordi.
Ustoz jurnalist uzoq yillar davomida Toshkent viloyat partiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” birlashgan gazeta tahririyatlarida, so‘ngra “Pravda Vostoka” gazetasida bosh muharrir lavozimlarida samarali mehnat qilgan.

Abbosxon aka faoliyati davomida adolat va odob mezonlari asosida ish yuritganini ko‘plab jurnalistlar alohida mehr bilan e’tirof etadi. Ustoz mas’ul lavozimlarda katta tajriba orttirib, o‘zi rahbarlik qilgan gazeta tahririyatlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlab, gazeta sahifalariga yangi ruknlarni kiritish orqali uning mazmun-mundarijasini yanada boyitishga salmoqli hissa qo‘shgan.
Abbosxon Usmonov bosh muharrirlik qilgan davrda ham “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” gazetalarida ko‘plab mulohazali, tanqidiy-tahliliy maqolalar chop etilgan. Yosh jurnalistlar uchun ustoz-shogird an’analari asosida mahorat maktablari tashkil etilgan. Uning rahbarligi ostida faoliyat yuritgan ko‘p jurnalistlar hozirgacha ustozning nomini hurmat-ehtirom bilan tilga olishadi. Yo‘l-yo‘riqlari, nasihatlarini minnatdorlik bilan eslashadi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi yubiley yoshini nishonlayotgan faxriy jurnalistlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xayrli ishlarni davom ettirib kelmoqda.
Ta’kidlash joiz, Abbosxon Usmonov 1985 yildan buyon O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi. Tadbirda ustozga Uyushma sovg‘asi, yangilangan uyushma a’zolik guvohnomasi topshirildi.
Samimiy suhbat davomida milliy jurnalistikamiz, uning rivojlanish istibollari haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA