Talabalar yotoqxonasida nazm va navo kechasi
Andijon davlat tibbiyot instituti talabalar yotoqxonasida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan, qolaversa, talaba yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularning faolligini oshirish maqsadida “Nazm va navo” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Institut professor-o‘qituvchilari, talabalar, jurnalist, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, ijodkor yoshlar ishtirok etgan tadbir ochilishida institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sarvarbek Salohiddinov so‘z olib, barcha ustoz hamda murabbiylarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlari bilan muborakbod etdi.
Sharafli o‘qituvchi kasbining mashaqqatlari, nozik jihatlari, yosh avlodni bilimli, yuksak salohiyatli tarbiyalashdagi o‘rni va roli haqida gapirdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpura Artiqova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Vosit Ahmad talaba yoshlarga ustoz va murabbiylik maqomi, shogirdlik burchi hamda mas’uliyati, shuningdek, bugungi kunda yurtimiz yoshlariga berilayotgan keng imkoniyatlar, ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanish, yuqori natijalarga erishish muhim ekanligi haqida o‘zlarining fikr va mulohazalarini aytib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Andijon viloyat hududiy bo‘limi xonandasi Mirzabek Mahmudov tomonidan ijro etilgan mumtoz qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
Talabalar, ijodkor yoshlar tomonidan yuksak insoniy fazilatlar, ezgulik, odamiylik, mehr va sadoqat, ona yurtni madh etuvchi she’rlar o‘qildi, qo‘shiqlar ijro etildi.

– Yotoqxonamizda o‘tkazilgan ushbu tadbirdan katta ma’naviy ozuqa oldik, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti stomatologiya yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Asilbek Jo‘raxonov. – Bu kabi tadbirlar, talabalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor bizni yanada faol bo‘lishga, puxta bilim olib, kasbimizning malakali mutaxassisi bo‘lib kamol topishimizga yordam beradi.
Tadbirda talabalar yotoqxonasida istiqomat qilayotgan xorijlik talaba yoshlar ham o‘zlarining milliy qo‘shiq va raqslari bilan faol ishtirok etdi.
Kuy-qo‘shiqlar, she’rxonlik kechasiga aylangan tadbir ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari