Talabalar uchun yana bir qulaylik
Talabalarga qulaylik yaratish maqsadida Qarshi davlat universitetida turizm amaliyot markazi va muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi ochildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qashqadaryo viloyatiga qilgan xizmat safari davomida Qarshi davlat universitetida yangidan foydalanishga topshirilayotgan ushbu markaz va laboratoriyaning ochilish marosimida ishtirok etdi.


Ta’kidlash lozimki, muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi fotoelektrik quyosh qurilmalarini ishlashini va quyosh panellarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi monitoringini olib borishga mo‘ljallangan. U yerda muqobil energiya manbalari yo‘nalishida ta’lim oladigan talabalarning amaliyot o‘tashi hamda magistrantlar va yosh olimlarning dissertatsiyalari uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, foydalanishga topshirilgan turizm amaliyot markazi turizm va mehmondo‘stlik ta’lim yo‘nalishining bakalavr hamda magistrantlari uchun xizmat ko‘rsatish sohasida nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatini yaratadi. Markaz 4 yulduzli mehmonxona andozasida bunyod etilgan bo‘lib, mehmonlarni kutib olish, joylashtirish, umumiy ovqatlantirish xizmatlari, anjumanlar zali va o‘quv xonasini o‘z ichiga oladi.


Tashrif davomida Q.Sharipov tibbiyot fakulteti biokimyo va mikrobiologiya o‘quv laboratoriya xonalari, akademik faoliyat va registrator boshqarmasini ham ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, vazir mas’ullar hamrohligida universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, joriy o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ming o‘rinli o‘quv binosida bo‘lib, tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri