Talabalar uchun “Biznes marafon”
Bugun tibbiyot sohasi vakillari nafaqat inson salomatligi posbonlari, balki zamonaviy iqtisodiy islohotlarning faol ishtirokchisiga ham aylanib borayotir.
Urganch davlat tibbiyot institutida bu galgi muloqot mavzusi anatomiya yoki terapiya emas, balki iqtisodiy yuksalish va tadbirkorlik istiqbollariga bag‘ishlandi.

Markaziy bank Xorazm viloyati bosh boshqarmasi hamda tijorat banklari vakillari talaba-yoshlar uchun mamlakatimizdagi kredit siyosati va unda belgilangan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi.

– Davlatimiz rahbarining yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvlari davomida ularga yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar bo‘yicha Markaziy bank va tijorat banklariga topshiriq bergan edi. Shuning uchun bugungi kunda viloyatimiz bo‘ylab yoshlar bilan “Biznes marafon” loyihasi doirasida uchrashuv tashkil etmoqdamiz, – deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi bosh iqtisodchisi Shahrizod Ibadullayev. – Uchrashuvlarda yoshlarga, ayniqsa, talabalarga o‘z biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishlari uchun mamlakatimizda yaratilgan keng ko‘lamli imkoniyatlar tushuntirilmoqda. Bugungi talaba nafaqat bilim olishga, balki tashabbuskor va tadbirkor bo‘lishga intilishi lozim.

Uchrashuvda mazkur yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z biznesini muvaffaqiyatli yuritayotgan yosh tadbirkorlar ham ishtirok etdi. Ular yoshlarga biznes loyihalarini amalga oshirishdagi tajribasi, erishgan yutuqlari hamda bugungi kunda yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka keng jalb etish va mustaqil hayotga tayyorlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlarni aniq misollar asosida tushuntirib berdi.

Shuningdek, tadbir davomida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida talabalar uchun amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, dastur orqali 1 milliard va 100 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan talabalarga vaucherlar taqdim qilindi, bu esa ularning startap loyihalarini amalga oshirish, biznes g‘oyalarini rivojlantirish va iqtisodiy mustaqillikka erishish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri