Talabalar sportida yangi bosqich: keng qamrovli musobaqalar va salmoqli natijalar
O‘zbekistonda yoshlar siyosati, ommaviy sportni rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezident tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat professional sport, balki talabalar sporti tizimini ham yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bugun oliy ta’lim muassasalarida sportga faqat darsdan tashqari mashg‘ulot emas, balki iqtidorli sportchilarni saralash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va xalqaro maydon uchun munosib zaxira tayyorlashning muhim bo‘g‘ini sifatida qaralmoqda.
2026-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar ushbu yo‘nalishdagi islohotlarning amaliy samarasini namoyon etdi. Ilk bor tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi», an’anaviy «Talabalar ligasi», «Barkamol avlod–2025/2026» musobaqalarida, xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli ishtirok hamda institutsional o‘zgarishlar talabalar sportini rivojlantirishning yaxlit tizimi shakllanayotganini ko‘rsatdi.
Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi – mamlakat tarixidagi eng yirik loyiha
Joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun sharoitlarni kengaytirish hamda ommaviy sport harakatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilab berildi.
Mazkur topshiriqlarning amaliy ijrosi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida mamlakatimiz tarixida birinchi marta «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi» tashkil etildi.
Musobaqalarga 2026-yil mart oyida Toshkent shahridagi Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida tantanali start berildi. Musobaqalar basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol bo‘yicha uch bosqichda tashkil etildi.
Birinchi bosqich – oliy ta’lim muassasalari saralash bahslari 1–30-aprel kunlari o‘tkazildi. Unda respublikadagi 170 ta oliy ta’lim muassasasidan 154 ming nafardan ortiq talaba qatnashdi. Bu mamlakatimiz talabalar sporti tarixida qayd etilgan eng yuqori qamrov ko‘rsatkichlaridan biri bo‘ldi.
1–15-may kunlari tashkil etilgan hududiy bosqichlarda 146 ta oliy ta’lim muassasasidan qariyb 10 ming nafar sportchi ishtirok etdi.

4–9-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Respublika final bosqichi esa “Olimpiya shaharchasi”, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti sport inshootlari, Milliy futbol markazi hamda boshqa zamonaviy sport majmualarida yuqori saviyada tashkil etildi.
Final bahslarida jami 2368 nafar ishtirokchi qatnashdi. Shundan 1920 nafari sportchi, 336 nafari murabbiy, 112 nafari delegatsiya vakillari edi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Farg‘ona davlat universiteti 7 ta oltin, 6 ta kumush va 5 ta bronza medal bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Urganch davlat universiteti 7 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan ikkinchi, Qoraqalpoq davlat universiteti esa 4 ta oltin va 3 ta kumush medal bilan uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishi mavjud bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti g‘olib deb topildi. Keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti egalladi.
Eng muhimi, mazkur Olimpiada nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki mamlakatimizda talabalar sportini ommaviy harakat darajasiga olib chiqish, universitetlar o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish va milliy terma jamoalar uchun yangi sportchilar zaxirasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
«Barkamol avlod» – uzluksiz sport tizimining muhim bo‘g‘ini
Professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi «Barkamol avlod–2025/2026» musobaqalari ham yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazildi.
2025-yil noyabridan 2026-yil mayiga qadar davom etgan musobaqalar 16 sport turini qamrab oldi. Mavsum davomida birinchi bosqichlarda 98 ming 673 nafar, tuman va shahar bosqichlarida 77 ming 568 nafar, hududiy bosqichlarda 24 ming 856 nafar sportchi ishtirok etdi. Respublika finaliga esa eng kuchli 3094 nafar sportchi yo‘llanma oldi.
Musobaqalarda akademik litseylar, texnikumlar va professional ta’lim muassasalarining 224 ta jamoasi qatnashdi.

Respublika finallari dzyudo, badminton, yengil atletika, erkin va yunon-rum kurashi, belbog‘li kurash, shaxmat, shashka, voleybol, basketbol, kurash, stol tennisi, stritbol, strit vorkaut, futbol va gandbol bo‘yicha tashkil etildi.
Umumjamoa hisobida Toshkent shahri birinchi, Buxoro viloyati ikkinchi, Xorazm viloyati uchinchi o‘rinni egalladi.
9-iyun kuni “Olimpiya shaharchasi”da musobaqalarning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘olib va sovrindorlar diplom, medal, esdalik sovg‘alari hamda Prezident sovg‘alari bilan taqdirlandi.
«Talabalar ligasi» raqobat muhitini mustahkamladi
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi «Talabalar ligasi» ham hisobot davrida yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqalar badminton, basketbol, voleybol, gandbol, yengil atletika, kurash, stol tennisi, futzal, shaxmat, regbi-7, suv polosi va chim ustidagi xokkey bo‘yicha o‘tkazildi.
Respublika finallarida 176 ta jamoa va 3346 nafar talaba ishtirok etdi. Ulardan 1388 nafarini qizlar tashkil qildi.
Final bahslari Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazildi.

Musobaqalar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilib, 140 dan ortiq axborot materiali e’lon qilindi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Termiz davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda boshqa oliy ta’lim muassasalari vakillari yuqori natijalar qayd etdi.
Xalqaro maydonda munosib ishtirok
Hisobot davrida Assotsiatsiya xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratdi.
2026-yilning 14–17-may kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida Boğaziçi University tashabbusi bilan tashkil etilgan «45-Sports Fest 2026» xalqaro sport festivalida mamlakatimiz delegatsiyasi munosib ishtirok etdi.
Dunyoning 25 dan ortiq davlati, 70 dan ziyod universiteti hamda 1000 nafardan ziyod sportchi qatnashgan musobaqada mamlakatimiz sharafini Guliston davlat universiteti, Urganch davlat universiteti va Jahon iqtisodiyoti hamda diplomatiya universiteti talabalari himoya qildi.

Guliston davlat universitetining futzal jamoasi musobaqa chempioni bo‘ldi. Badminton bo‘yicha Jamshidbek Tuychiyev va Farrux Azadov erkaklar juftligi bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jamshidbek Tuychiyev hamda Gulnoza Jumanazarova aralash juftliklar bahsida ham chempionlikni nishonladi.
Stol tennisi bo‘yicha ham o‘zbekistonlik talabalar hal qiluvchi bosqichlarga qadar yetib borib, sovrinli o‘rinlar uchun munosib kurash olib bordi.
Bu natijalar mamlakatimiz talabalar sporti xalqaro maydonda ham raqobatbardosh bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
Institutsional islohotlar davom etmoqda
Hisobot davrida talabalar sportini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ishlar ham izchil davom ettirildi.
Mart oyida Toshkent shahrida oliy ta’lim muassasalari sport klublari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari uchun respublika o‘quv-seminari tashkil etildi. Unda sport klublari faoliyatini takomillashtirish, musobaqalarni tashkil etish sifati, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi o‘tkazilib, tashkilotning yangi tahrirdagi ustavi tasdiqlandi. Konferensiya qaroriga muvofiq Muzaffar Pazilov Assotsiatsiya Bosh kotibi etib saylandi.
Konferensiyada universitetlar sport klublari faoliyatini Xalqaro universitet sporti federatsiyasi (FISU) standartlari asosida tashkil etish, xalqaro dasturlarni kengaytirish hamda universitetlarning xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan vazifalar belgilab berildi.
Yangi bosqichning muhim natijalari
2026-yilning birinchi yarim yilligi natijalari talabalar sporti mamlakatimizda izchil va barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatdi. Ilk bor tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi» orqali 154 mingdan ziyod talaba sport harakatiga jalb qilindi. «Barkamol avlod» musobaqalari uzluksiz sport tizimini yanada mustahkamladi, «Talabalar ligasi» esa universitetlar o‘rtasidagi raqobat muhitini yangi bosqichga olib chiqdi.
Shu bilan birga, xalqaro musobaqalardagi muvaffaqiyatlar, sport klublari faoliyatini takomillashtirish, FISU standartlarini joriy etish va boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar talabalar sporti rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun talabalar sporti nafaqat ommaviylikni ta’minlash, balki yuqori malakali sportchilarni tayyorlash, milliy terma jamoalar uchun zaxira shakllantirish va mamlakatimiz nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirishning muhim mexanizmiga aylanmoqda. Bu esa yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati o‘zining amaliy samarasini berayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA