Talabalar amaliy ko‘nikmalarini boyitmoqda
Andijon shahridagi “FAW Truck” qo‘shma korxonasida Andijon davlat texnika instituti talabalari uchun workshop – amaliy mahorat seminari o‘tkazildi.
Talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish hamda soha bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan mahorat seminarida institutning Avtomobilsozlik va transport yo‘nalishi talabalari ishtirok etdi.

Workshop davomida korxona mutasaddi va mutaxassislar tomonidan talabalarga korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va avtomobilsozlik sohasidagi zamonaviy yondashuvlar xususida keng ma’lumotlar berildi.

Tadbirda talabalar ishlab chiqarish muhiti bilan yaqindan tanishish bilan birga, mutaxassislar bilan muloqot qilish hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniga ega bo‘ldi.
Workshop ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda bo‘lajak mutaxassislarning amaliy ko‘nikma hamda malakalarini boyitishda muhim ahamiyat kasb etdi.


Ma’lumot o‘rnida, Andijon shahridagi "Vodiy universal majmua" MCHJ hamda Xitoy davlatining “Faw Group” kompaniyasi hamkorligida umumiy qiymati 15 million AQSH dollarga teng loyiha doirasida tashkil etilib, ish olib borayotgan mazkur korxonada “FAW” brendi ostida 5 tonnadan yuqori yuk ko‘tarish qobilyatiga ega avtomobillar ishlab chiqarilmoqda.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari