Talaba dars qoldirsa, chora bor, dars qoldirgan o‘qituvchiga-chi?
bugungi kunda yurtimizda 187 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud. Ushbu OTMlarda 800 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ularga 37 mingdan ortiq professor-o‘qituvchi dars beradi. 31 mingdan ziyod xizmat ko‘rsatuvchi texnik xodimlar faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bir semestr davomida 74 soatdan ortiq uzrli sabablarsiz dars qoldirgan talaba o‘qishdan chetlashtirilishi mumkin.
Darslarni sababsiz qoldirgan talaba uchun tegishli choralar belgilangan ekan, darslarga o‘z vaqtida kelmaydigan yoki kech qolib keladigan o‘qituvchilar uchun qanday choralar qo‘llaniladi?
Ushbu savolga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri Oliy ta’lim vazirligi yuridik boshqarma boshlig‘i Farrux Fayziyevga murojaat qildi.
– O‘qituvchining darsga kelib-ketishi qanday tartibda va kim tomonidan nazorat qilinadi?
– OTM o‘qituvchisining darsga kelish-ketishini kafedra va dekanat hamda o‘quv bo‘limi nazorat qiladi. Har bir o‘qituvchining kelish-ketish holati bo‘yicha uning tabeli to‘ldiriladi. Agarda o‘qituvchi darsga kech qolsa yoki umuman kelmay qolsa, kech qolish muntazamlik xarakteri kasb etadigan bo‘lsa, ish beruvchi, ya’ni universitet nomidan dekanat rahbari, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor tegishli chora ko‘rish harakatlarini boshlaydi.
Bunda unga nisbatan ma’lumotnoma yoki bildirgi tayyorlanadi, tushuntirish xatlari olinib, dastlabki intizomiy chora – xayfsan qo‘llanilishi mumkin. Odatda bu bo‘yicha unga ogohlantirish beriladi. Dars yoki boshqa mashg‘ulotlarga o‘z vaqtida kelishi bo‘yicha ogohlantiriladi.
– Amaldagi Mehnat kodeksiga ko‘ra intizomni buzgan xodimga nisbatan qanday choralar qo‘llaniladi?
– Oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchisi universitet yoki institutlarda asosiy ish joyi sifatida, o‘rindosh hamda soatbay ishlashi mumkin. Bu o‘qituvchilar OTM xodimi hisoblanadi. Xodim sifatida ular amaldagi Mehnat kodeksiga bo‘ysunishlari talab etiladi.
Ma’lumki jamoada mehnat intizomi xodimning halol mehnati uchun rag‘batlantirish berish, mukofotlash usullaridan foydalanib yaxshi ishlashga qiziqtirish, tegishli tashkiliy sharoitlarni yaratib berish, noinsof xodimlarga nisbatan esa jazo choralarini qo‘llash orqali ta’minlanadi.
Amaldagi Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli: Xayfsan, o‘rtacha ish haqining 30 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima va mehnat shartnomasini bekor qilish. Bundan boshqa intizomiy choralar qo‘llash taqiqlanadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA