Takroriy ovoz berish davom etmoqda
Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 76-Sherobod saylov okrugiga qarashli 89 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish uyushqoqlik bilan boshlandi.
Surxondaryo viloyatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 76-Sherobod va 83-Oltinsoy saylov okruglari hamda 8 ta viloyat, 47 ta tuman va shahar kengashlari saylovini oʻtkazuvchi saylov okruglarida takroriy saylov boʻlib oʻtmoqda.
Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 76-Sherobod saylov okrugiga qarashli 89 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish uyushqoqlik bilan boshlandi.

–Saylov uchastkalarimizning 43 tasi Sherobod va 46 tasi Boysun tumanlarida faoliyat yuritmoqda,–deydi Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 76-Sherobod okrug saylov komissiyasi raisi A. Hakimov.– Mamlakatimizda yangi qabul qilingan Saylov kodeksiga muvofiq takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan koʻproq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Bu jarayonda saylovchilarning ishtirok etish foizi hisobga olinmaydi. Erta tongdan saylovchilarimiz koʻtarinki ruhda oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etib, oʻzlari tanlagan nomzodga ovoz bermoqda. Buning uchun barcha saylov uchastkalarimizda qonunchiligimizga asosan puxta tayyorgarlik koʻrildi.
Parlamentga saylov oʻtkazuvchi 83-Oltinsoy saylov okrugi hududida tuzilgan 65 ta saylov uchastkasida ham saylovchilar takroriy ovoz berishda faol ishtirok etmoqda.

Oltinsoy tumanidagi 557 saylov uchastkasi 40-umumtaʼlim maktabi binosida joylashgan. Bu yerda Chinor mahallasi va “Vaxshivor-2” mahallasining Eski qishloq hamda Sangnoq koʻchalarida yashaydigan 2 ming 300 dan ortiq saylovchi ishtirok etishi koʻzda tutilgan. Takroriy saylovni oʻtkazish saylov qonunchiligi talablari asosida tashkil etilib, har bir saylovchi belgilangan tartibda xabardor qilindi.
– Saylov–hayotimizda muhim oʻrin tutadigan siyosiy kampaniya,–deydi Chinor mahallasida yashovchi M.Abdullayev.– Beshta siyosiy partiyadan parlamentga koʻrsatilgan nomzodlarning birontasi yetarli ovoz olmagani uchun oʻtkazilayotgan takroriy saylovda ham fuqarolik burchimni bajardim. Oʻzim tanlagan nomzodni yoqlab ovoz berdim. Bu holatni mamlakatimizda keyingi paytda kechayotgan oshkoralik va demokratik jarayonlar samarasi, deb bilaman.

Bugun viloyatdagi 300 ga yaqin saylov uchastkasida saylovchilar oʻz fuqarolik burchini namoyish etib, nomzodlar uchun takroriy ovoz bermoqda.