Takroriy ekin yerga ham, dehqonga ham foyda
Yurtimizning betakror qulay tabiiy-iqlim sharoiti yerimizdan bir yil davomida bir necha marotaba yuqori hosil yetishtirish imkonini beradi.
Aholining arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xususan, poliz ekinlari va sabzavotlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida joylarda yetishtirilayotgan takroriy ekinlarning ahamiyati beqiyosdir.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda tuman bo‘yicha jami 1 ming 587 gektar maydonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda. Shundan 835 gektar maydonga mosh, 51 gektar maydonda sabzi, 29 gektar maydonda karam, 43 gektar maydonda kungaboqar, 39 gektar maydonda tariq, 30 gektar maydonda brokkoli hamda boshqa takroriy ekinlar ekib parvarishlanmoqda.

Ko‘chat va urug‘lar hamda ular uchun zarur mineral o‘g‘itlar Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi ko‘magida viloyatdagi “Anzur natural food” xususiy korxonasi tomonidan natura shaklida yetkazib berilgan. Yetishtirish jarayonlari tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
Masalan, tumanning Navbahor hududida faoliyat yuritayotgan “Asilbek Abdunazar o‘g‘li” fermer xo‘jaligi rahbari Abdunazar Omonov ham g‘alladan bo‘shagan maydonga brokkoli karami ekib, parvarishlamoqda.
– Joriy yilda g‘alladan bo‘shagan maydonlardan unumli foydalanish maqsadida 2 gektar yerga brokkoli karami, 2 gektar mosh va shuncha yerga tariq ekdik, – deydi fermer. – Brokkoli karami ta’minotchi korxonalar bilan hamkorlikda yetishtirilmoqda. 10-15 kunda tayyor bo‘lib qoladi. Hosilni terishni boshlaymiz. Eng muhimi xaridor ham aniq.
O‘lmas Barotov, O‘zA.