Takroriy ekin qo‘shimcha daromad manbaidir
Respublikamizda sug‘oriladigan maydonlarga ekilayotgan qishloq xo‘jalik ekinlari asosini g‘o‘za va boshoqli don ekinlari tashkil etadi. Bir million gektardan ortiq maydonda har yili bug‘doy va arpa yetishtiriladi. Kuzgi bug‘doy hosili yig‘ishtirib olingach, o‘rniga takroriy ekin ekib, daromad qilish imkoni paydo bo‘ladi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga aholining kundalik oziq-ovqat talablarini qondiradigan dukkakli don, don, sabzavot, yem-xashak ekinlarini takroriy ekin sifatida yetishtirish kelgusida respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini yanada mustahkamlashga, odamlarning qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirishga zamin yaratadi.
Yerlardan samarali foydalanish, aholini qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida kengashimiz tashkilotchiligida respublikamizning barcha dalalaridagi asosiy ekinlar hosili o‘rib, yig‘ib olinganidan keyin o‘rniga ikkinchi marta ekish ishlari ko‘p yillardan buyon amalga oshirilyapti.
Keyingi sakkiz yil mobaynida takroriy ekin ekish asnosida aholi bandligi va farovonligini oshirish borasidagi sezilarli ishlar bajarildi. Ahamiyatlisi shundaki, yerga qadalgan urug‘ shu yilning o‘zida hosil beradi.
Bu yil ham boshoqli don ekinlari o‘rib olinganidan keyin g‘alladan bo‘shagan maydonlarni somondan tozalash, peshma-pesh shudgorlash hamda yerni ekishga tayyorlash uyushqoqlik bilan olib borilayotir.
Takroriy ekin sifatida, asosan, makkajo‘xori, jo‘xori, no‘xat, mosh va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish tavsiya qilyapmiz.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy bo‘limlari tomonidan 2024 yilda g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlar joylashtirilishi hamda aholiga ajratilishi nazoratga olingan. Barcha viloyatlardagi takroriy ekinlar ekiladigan maydonlarga qishloq xo‘jaligi ekinlariga talab etiladigan urug‘liklar hisob-kitobi asosida tomorqa xizmati korxonalari orqali urug‘lik va texnika ta’minotidan ko‘mak berilmoqda. Yer olgan fuqarolarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun talab etiladigan moddiy resurslar hisob-kitob qilinadi va yetkazib beriladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini realizatsiya qilish borasida vakolat doirasida zarur choralar ko‘riladi.
Namangan viloyati misolida oladigan bo‘lsak, jami bo‘lib, g‘alladan bo‘shagan 73 ming 555 gektar maydonga takroriy ekin ekiladi. Misol uchun To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Tursunboy Komilov” fermer xo‘jaligiga qarashli 50 gektar maydon 25 nafar yosh oilaga dehqonchilik qilish uchun ajratilgan. Pop tumanidagi “Hazrati Hasan” fermer xo‘jaligining hosili yig‘ishtirib olingan 30 gektar yeriga 30 fuqaro dehqonchilik qiladigan bo‘ldi. Mazkur tumanning “Fayz baraka uyg‘ur” “Abrorbek Shohruhmirzo” fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi 78 gektar maydon ham takroriy ekin ekish uchun 63 oila ixtiyoriga beriladi.
Mamlakatimizning hamma viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklarining g‘allasi o‘rib olingan yer maydonlari bo‘sh qoldirilmaydi. Ishsiz fuqarolar, dehqonchilik qilish niyatida bo‘lgan yosh oilalar, oziq-ovqat mahsulotlari hamda chorva mollari uchun ozuqa yetishtirib olishadi.
Kengashimiz mutaxassislari tashkil etilgan hududiy ishchi guruhlari bilan hamkorlikda 2024 yilda g‘alladan va ertaki ekinlardan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlar ekish uchun yer tayyorlash, ekish, talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish, agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish, yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish, ichki va tashqi bozorga yetkazib berish yuzasidan tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, ekish ishlari boshlanganidan hosil yig‘ishtirib olinguniga qadar nazorat ishlari tashkil etilib, amaliy tavsiyalar berib boriladi.
Shu yil 18 iyun kuni respublika selektorida e’lon qilingan Sirdaryo viloyati misolida ishlab chiqilgan g‘alladan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish bo‘yicha namunaviy dastur - yo‘l xaritasi asosida har bir viloyatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, yerlarni haydash, ekin ekish hamda sug‘orish borasida amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonimizda ishsiz fuqarolar, yosh oilalar takroriy ekin ekish, dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim orqali qo‘llab-quvvatlanib, bandligi ta’minlanadi va turmush farovonligi oshiriladi. Pirovardida ular tomonidan yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xalqimiz dasturxoni to‘kisligiga xizmat qiladi.
Zokir Allamurodov, O‘zbekiston Fermer, dehqon
xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim mudiri.
O‘zA