Takomillashgan til siyosati
Til masalasi mavsumiy mavzu yoxud muammo boʻlmagani kabi u faqat ayrim mutasaddilarga ham bogʻliq boʻlib qolmaydi.
Ona tilim – jonu dilim
Rivojlanish takomillashtirilgan taraqqiyot taqozosi. Talab va ehtiyojdan kelib chiquvchi eʼtibor bor ekanki, uning istiqboli umid va ishonchni uygʻotadi. Har qanday hukumat hujjati ehtiyoj asosidagi eʼtiborga bogʻliq. Baynalmilal gʻoyalarga sadoqat ruhi bilan yondashgan holda, mamlakatimizda davlat tilining toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash va uni jadallashtirish hamda bu boradagi imkoniyat va imtiyozlarni istifoda etish asnosida maqsad va vazifalarni amalga oshirish kundalik masalaga aylangani davr talabidir. Bu borada muhim qadam tashlangani katta ahamiyatga ega. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 20-oktyabr kuni "Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmonidir.
Unda oʻzbek tilining ijtimoiy hayot va xalqaro miqyosdagi nufuzini tubdan oshirish, yoshlar qalbida til va elga boʻlgan mehr hissini oshirish, oʻzbek tili va til siyosatini taraqqiy ettirishning ustuvor yoʻnalishlari roʻyi rost belgilab berilgani eʼtiborga molik. Toʻgʻri, davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni shu borada tashlangan ilk, dadil qadam edi. Bu farmonda esa uni bekamu koʻst ijro etish, istiqboldagi rejalar bilan bogʻliq yoʻl-yoʻriq va xarita ochiq-oydin belgilangan. Bu oʻn yilga moʻljallangan konsepsiya boʻlib unda belgilangan har bir vazifani kechiktirilmasdan hal etishni talab etadi. Chunki, til taraqqiyotning taqozosi va tarozisidir, U tarixga ham, taqdirga ham mezon. U oddiy soʻzlashuvdan tortib siyosiy va xalqaro maydondagi nutqlargacha oʻz mohiyatini namoyon etayotgani sir emas. Elning rutbasi avvalo, uning tili bilan. Targʻibot-u tashviqotning, liderlik-u fermerlikning, ishbilarmonlik-u tadbirkorlikning, xodimlar-u rahbarlar faoliyatining alifbosi, ibtidosi til darajasi va nutq sifati bilan bogʻliqligi ayon.
Shuning uchun ham 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi muhim muammolarning yechimi va bitimiga asos boʻlishiga shubha yoʻq. Fuqarolik burchini anglagan, vatan taqdiriga daxldorik tuygʻusi bilan yashaydigan har bir inson davlat tiliga eʼtibor va ehtirom bilan qarashi zarur. Buning uchun mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish talabiga befarq boʻlmasligi kerak. Oʻzi oʻqiydigan yoki ishlaydigan muassasada, koʻcha-kuyda davlat tilining amal qilinishi qay darajada ekanini kuzatish va oʻzidan oʻtkazish masʼullik va majburiyatdir. Maʼlumki, davlat tilining imkoniyatlaridan barcha jabhalarda foydalanish oʻz-oʻzidan boʻlmasligi ayon. Buning uchun taʼlim tizimini, oʻqitish darajasini mukammal va samarali tarzda amalga oshirilishi muhim. Til shunchaki, soʻzlashuv, muloqot tili uchun emas, balki uni ilm-fan tiliga aylantirish zaruriyati farmonda oʻrinli qayd etilgan. Buning uchun 80 mingdan ziyod soʻz aks etgan besh tomlik izohli lugʻatimiz kirill va lotin alifbosida qancha nusxada chop etilganini eʼtirof etish quvonarli, lekin uning tarkibidagi soʻz va iboralarni ilmiy-adabiy jarayonda keng qoʻllanilishini taʼminlash yoʻllari haqida bosh qotirish foydadan xoli emas, albatta.
Ayni damda lugʻatning 20dan ziyod davlatda taqdimoti oʻtkazilgani, 17 ta xorijiy mamlakatda 30dan ortiq “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari faoliyat yuritayotgani, 250dan ziyod ilmiy-publitsistik, badiiy kitoblar, lugʻatlar, oʻquv qoʻllanmalari va darsliklar yetkazib berilgani eʼtiborga molik. Bu harakatda, shubhasizki, Davlat tilini rivojlantiish departamentining xizmati katta. Davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish doimiy diqqat markazimizda. Xorijdagi 60 ta davlatda oʻzbek tilining fan sifatida oʻqitilayotgani ham faxrli. Yutuqlardan esankiramasdan, bu faoliyatni yana-da keng koʻlamli qilish maqsadga muvofiq.
Davlat tilining rutbasi uning sofligi masalasiga bogʻliq. Toza nutq andozali nutq, uning sofligi uchun kurash nutq madaniyatining har ikkala ogʻzaki va yozma turiga ham daxldor. Har birimiz davlat tilini qay darajada bilishimizni his etishimiz kerak. Davlat tilini amalda ekanini bilishning oddiy usuli - “men koʻrgan, eshitgan, oʻqigan, bilgan va guvoh boʻlgan narsa-hodisa haqida mulohazalarimni ogʻzaki va yozma tarzda qay darajada yetkaza olaman” degan savolga javob berishdir. Oʻz tilimizda ifodalovchi soʻzi boʻlgani holda, ajnabiy tildagi soʻzlarni aralash qoʻllash, nutq sofligiga zid harakat, kechirib boʻlmas holat. Hamiyat va himoya bir oʻzakdan yasalgan arabcha soʻzlardir. Inson oʻz shaʼnini, hamiyatini himoya qiladi. Bu tabiiy. Millat shaʼni va himoyasi uning tiliga boʻlgan munosabatda anglashiladi. Demak, davlat tilining ham hamiyati boʻlib, u himoyaga muhtoj boʻladi. Oʻzimizning kasbiy faoliyatda, taʼlimiy, tarbiyaviy va boshqaruv jarayonida adabiy til meʼyorlariga rioya etish, uning sofligini saqlash jiddiy masala.
Taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yana-da takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish borasidagi faoliyat muhim. Shuning uchun ham Farmonda qayd etilganidek, 2025-yilga qadar maktabgacha taʼlim tizimida amaldagi maktabgacha taʼlim muassasalarining hududlarini kengaytirish yoki yangi quriladigan muassasalar hisobiga oʻzbek tilli guruhlar qamrovini 72 foizga, 2030-yilgacha esa 80 foizga yetkazish borasidagi reja katta mohiyatga ega. Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqshdir degan naqlni bilamiz. Koʻchat qay yoʻsinda oʻtqazilsa, parvarishlansa xuddi shu yoʻsinda oʻsishi aniq. Bolalarimiz ong-u shuuriga tilga mehr, ona yurtga muhabbat tuygʻusi bolaligidan singdirilsa, kelajagimiz buyuk boʻlishiga, chin maʼnoda, Uchinchi renessansning qad rostlashiga kafolat bor. Bu umumtaʼlim maktablarida oʻzbek tili fanini oʻqitish soatlarini oshirish, oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili kafedralari sonini koʻpaytirish bilan bogʻliqligi ham oynadek ravshan. Lekin shuni ham eʼtibordan soqit qilmaslik kerakki, pedagogik mahorat, yaʼni oʻquvchining ong-u tafakkuriga fan boʻyicha mavzuni singdirish mexanizmi - oʻqituvchining kirishimlilik layoqati (pedagogning kommunikativ kompetentligi) toʻla shakllantirilishi zarur. Busiz taʼlimda ham, tarbiyada ham sifat, samara va natijani kutish qiyin. Tajriba va kuzatishlarimiz shuni koʻrsatadiki, koʻplab oʻqituvchi va murabbiylar yetarli bilimga ega, axborot-kompyuter texnologiyalarini ham obdon oʻzlashtirgan, hatto bir nechta xorijiy tillarni ham bilishadi, lekin oʻquvchi diqqati, aqli, qalbi bilan tillasha olmaydi, aniqrogʻi “dillasha” olmaydi. Sababi, bilim, koʻnikma, malakani oʻz ichiga olgan kommunikativ kompetentlik toʻla shakllanmagan, tafakkur va tajriba chigʻirigʻidan oʻtkazilmagan. Biz mana shu jihatni nozik etganimiz holda, Prezidentimiz davlat rahbari sifatida oʻz faoliyatini boshlagan paytlarida ayrim hokim va rahbarlarga qarata xalq bilan muloqot qilishdagi noʻnoqliklarni roʻyi rost aytgan chogʻlarda muloqot va muomala mexanizmini oʻrgatish maqsadida “Notiqlik sanʼati akademiyasi” nodavlat taʼlim muassasini tashkil etgandik. Turli toifa va kasbdagi oʻqituvchilar, qiziquvchi talabalar tahsil olib ancha tajriba orttirgan edilar. Pandemiya sabab hozir faoliyatimiz bir muncha qisqargan boʻlsada, shuni aytmoqchimizki, oʻqituvchining oʻzidagi yoqimlilik, soʻzidagi yuqumlilik, boshqacha aytganda, taʼsirchan taʼlim mexanizmi - notiqlik mahorati, nutq madaniyati va sanʼatini toʻla shakllantirish ilm-fanga toza havo, toza qon olib kiradi. Biz bu borada hamisha hamkorlikka tayyormiz. Ana shuning uchun ham Farmonda aholining nutq madaniyatini oshirish, soha mutaxassislarining notiqlik mahoratini rivojlantirish masalasi alohida uqtirilgan.
Televideniye va radio boshlovchilari nutqiga eʼtibor qilgani holda xalqimiz davlat tilining boyligi, sofligi, nafosati va jarangini his etadi, anglaydi. Shuning uchun ham til va nutq madaniyati, avvalo, ularning tafakkuri va talaffuzida aks etadi. Xuddi shu maʼnoda ular adabiy tilimizning tolmas targʻibotchisi, nutq madaniyatining teran tashviqotchisidir. Bu esa ularga yuksak masʼuliyat va majburiyat yuklaydi. Bu talab davlat va nodavlat teleradiokanallarga ham daxldorligini aslo, yoddan chiqazmaslik zarur. Farmonda koʻrsatilganidek, “teleradiokanallar suxandon-boshlovchilarining oʻzbek adabiy tilidagi nutq madaniyatini oshiruvchi qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish tizimini joriy etish va qamrovni 2030-yilgacha 100 foizga yetkazish”, albatta, foydali va zarur. Lekin oʻqitish tizimini nomigagina tashkil etmasdan, avvalo, yetuk tilshunos va tajribali suxandonlar tarkibini shakllantirish zarur.
Davlat tilining rasmiy yozuvi borasida ham xuddi shunday mulohazalarni bildirish mumkin. Ikki yozuvda ish yuritilishi ham bir muncha murakkablik va anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarayotgani rost. Lotin yozuvidagi oʻzbek alifbosi rasmiy yozuv ekan unga oʻtish jarayonini tezlashtirish zarur. Taʼbir joiz boʻlsa, tokaygacha bobo nevara ustidan, nevara bobo ustidan “kuladi”. U buni, bu uni oʻqiy olmaydi. Uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni taʼminlash maqsadida ishchi guruhini tashkil qilish va aniq chora-tadbirlar hamda ularni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish masalasining koʻndalang qoʻyilishi ham ayni muddao boʻldi.
Farmonda qayd etilgan yana bir muhim, ayni paytda nozik masala rahbar xodimlarning davlat tilini bilishi va amal qilishi darajasidir. Oʻz tilida, ogʻzaki va yozma yoʻsinda fikrini mustaqil tarzda ifodalab yetkaza olmaydigan rahbar va mutaxassisning soha rivojiga hissa qoʻshishiga ishonish qiyin. Juda koʻplab noxush holatlar, orada paydo boʻladigan ixtilof va nizolarning kelib chiqishi muloqot madaniyati va notiqlik mahoratini yetishmasligidan ekani ayon. Ana shu bois “2021-yil 1-apreldan boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etilishi” maqsadga toʻla muvofiq. Har bir xodim rahbarning nutqi va xulqi, oʻzini tutishi va yurish-turishi, bilim-saviyasi, ishbilarmonligi va muomalasiga qarab ergashadi hamda hurmat qiladi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha qisqa muddatli (1-2 oygacha) oʻquv kurslarining muntazam ravishda tashkil etilishi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Xuddi shu maʼnoda kasbiy faoliyatda, boshqaruv va taʼlim-tarbiya jarayonida notiqlik mahorati, nutqiy va xulqiy madaniyatni shakllantirishning psixolingvistik asoslarini amaliy tarzda oʻrgatishga qaratilgan “Notiqlik sanʼati akademiyasi” taʼlim muassasasi davlat xususiy sheriklik talablari asosida hamkorlikka chorlansa, foydadan xoli boʻlmasligi aniq.
Nazariy maʼlumot amaliy mashgʻulot bilan uygʻun boʻlgan taqdirdagina rejalar toʻla amalga oshadi. Tilning mavjudlik mezoni va boyligini belgilovchi omillar faqat izohli lugʻatlar bilangina emas, balki, tilning tarkibini namoyon etuvchi boshqa yoʻsindagi lugʻatlar ham ekani, ular esa oʻz navbatida nutq madaniyati hamda notiqlik mahoratini amalga oshiruvchi muhim vositalardan sanalishiga eʼtibor qilingani quvonarlidir.
Farmonda, jumladan, “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”, “Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati”; “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati”ni ham tayyorlab nashr etilishi ham qayd etilganki, bu esa til siyosatidagi, davlat tilini yana-da rivojlantirishdagi muhim qadamdir.
Soha mutaxassislaridan biri sifatida bizni xursand qilgani shuki, "Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi manfaatdor tashkilotlarni jalb qilgan holda 2021-yil 1-yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga eʼtibor”, “Ona tilida soʻzlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat koʻzgusi”,
“Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum koʻrsatuv va eshittirishlarni tashkil qilib, muntazam ravishda efirga uzatib borilishini taʼminlashni" yoʻlga qoʻyilishi eng muhim, dolzarb, ijobiy va ijodiy hodisadir.
Til masalasi mavsumiy mavzu yoxud muammo boʻlmagani kabi u faqat ayrim mutasaddilarga ham bogʻliq boʻlib qolmaydi. Til masalasi millat masalasi. Har birimiz uning targʻiboti va tashviqoti masalasini oilamizda, mahalla, oʻqish yoki ish jamoamizda toʻla va oʻrinli qoʻllanishiga masʼulmiz. Avval oʻzingdan boshla degan xalq naqli bejiz emas. Har birimiz koʻrgan, eshitgan, bilgan, oʻqigan, guvoh boʻlgan narsa-hodisani ogʻzaki va yozma tarzda ifoda etish uquviga ega boʻlsakkina til siyosati borasidagi muammolar yechiladi. Qolavera, takomillashgan til siyosati, oʻzbek tilini yana-da ravnaq toptirish fuqarolik burchi va yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusidir.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
“Notiqlik sanʼati akademiyasi”
nodavlat taʼlim muassasi rahbari,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.