Takayasu sindromi bilan og‘rigan bemorda murakkab autotransplantatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi
Milliy tibbiyot markazida Takayasu sindromi oqibatida rivojlangan buyrak arteriyasi stenozi bilan og‘rigan bemorda murakkab buyrak autotransplantatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Gap shundaki, bemor uzoq yillar davomida nazorat qilish qiyin bo‘lgan arterial qon bosimining yuqoriligi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi hamda umumiy holsizlikdan aziyat chekib kelgan. Chuqurlashtirilgan tekshiruvlar natijasida Takayasu sindromi tufayli buyrak arteriyasida og‘ir darajadagi torayish aniqlangan.
– Markazimizning tajribali transplantologlari murakkab jarrohlik amaliyotini bajarib, buyrakni organizmdan ehtiyotkorlik bilan ajratdi, zararlangan qon tomirlarini rekonstruksiya qildi va a’zoni chanoq sohasiga qayta ko‘chirib (autotransplantatsiya) joylashtirdi, – deydi Milliy tibbiyot markazi matbuot xizmati rahbari Zulayho Musurmonova. – Mazkur yuqori texnologik amaliyot natijasida bemorning buyragi saqlab qolindi, uning qon bilan ta’minlanishi tiklandi hamda buyrak faoliyatini saqlab qolishga erishildi.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, autotransplantatsiya transplantologiyadagi eng murakkab va kam bajariladigan jarrohlik amaliyotlaridan biri bo‘lib, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish yuqori malaka va katta tajribani talab etadi.
Ma’lumot uchun, Takayasu sindromi autoimmun kasallik bo‘lib, bunda inson immunitet tizimi xato ravishda o‘z qon tomirlarini yod tana deb bilib, ularga hujum qiladi va yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Kasallikning aniq keltirib chiqaruvchi omili hozirgacha to‘liq o‘rganilmagan, ammo genetik moyillik va o‘tkazilgan ayrim infeksiyalar muhim rol o‘ynashi taxmin qilinadi. Ko‘p hollarda 10 dan 40 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlarda uchraydi.
Milliy tibbiyot markazi mutaxassislari murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli joriy etib, bemorlarga zamonaviy, yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA