Tajriba almashildi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumani Dehqonobod mahallasida O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev ishtirokida aholining bandligini ta’minlash, tomorqachilikni rivojlantirish hamda daromad manbalarini oshirishga qaratilgan amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir mahallada istiqomat qiluvchi Botir Hoshimov xonadonida tashkil etildi.
Seminarda viloyat va tuman darajasidagi mas’ullar, hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari, mahalla tizimi xodimlari, agronomlar, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari hamda aholi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda tomorqachilik va bog‘dorchilik sohasida zamonaviy bilimlar, ilmiy yondashuvlar hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etish yerdan unumli foydalanish, hosildorlikni oshirish va aholi daromadini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning samaradorligini oshirmoqda.
Seminarda ishtirokchilarga tomorqa va bog‘ maydonlaridan samarali foydalanish, eksportbop va serhosil mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Ayniqsa, “in vitro” usulida yetishtirilgan bodom ko‘chatlari bo‘yicha batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Mutaxassislar ushbu texnologiyaning afzalliklariga to‘xtalib, “in vitro” usulida olingan ko‘chatlar kasallik va viruslardan xoli ekani, nav xususiyatlari saqlanishi hamda yuqori hosildorlikka erishish imkonini berishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Bu usul zamonaviy bog‘dorchilikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
– Seminarda berilgan ma’lumotlar juda foydali bo‘ldi. “In vitro” usulida yetishtirilgan bodom ko‘chatlari mahallamiz tabiiy sharoitiga mosligi bilan e’tiborli. Ushbu tajribani keng joriy etish orqali aholi daromadini oshirish imkoni paydo bo‘ladi, – dedi Dehqonobod mahallasi raisi Toir Qodirov.

Tadbir yakunida tomorqalardagi bo‘sh yer maydonlari, ijaradagi uchastkalar hamda eski bog‘larda bodomzorlar barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mas’ullarga ushbu tajribani bosqichma-bosqich joriy etish, mahallalarda amaliy ishlar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Mirzaobod tumanida dastlabki bosqichda 15 ta mahallada bodomzorlar barpo etish belgilangan bo‘lib, kelgusida ushbu ilg‘or tajriba viloyatning boshqa hududlarida ham joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri