«Tajikistan tennis Federation Cup» tennischilarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda
Dushanbe shahrida tennis bo‘yicha J60 tasnifiga kiruvchi o‘smirlar o‘rtasidagi «Tajikistan tennis Federation Cup» turnirida juftlik bahslarining ilk bosqichi yakunlandi.
Quvonarlisi, juftlik bahslarining birinchi davrasida ishtirok etgan tennischilarimizning barchasi chorak finalga yo‘l oldi.
Jumladan, Nuriddin Baxtiyorov va Danila Kvasov tandemi chorak finalda xitoylik Jin Tao Lan va qozog‘istonlik Nikita Nikolenko dueti bilan raqobatlashsa, Ahmadjon Toshmuhammedov va Suhrob Saidov neytral tennischilar Rafael Asadullin va Ilya Mosolkin juftligini sinovdan o‘tkazadi.
Shuningdek, Amir Safoyev qirg‘izistonlik sherigi David Mogilevskiy bilan birgalikda yarim final yo‘llanmasi uchun neytral tennischilar Fedor Altuxov va Ivan Doroxovga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi.
Yosh iste’dodli tennischimiz Abdulaziz Usmonjonov esa juftlik bahslarida mezbonlar vakili Somon Amonov bilan birgalikda 1/4 finalda Chiyeh En Hou (Xitoy Taypeyi) va Zurui Jangga (Xitoy) qarshi kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA