Tahlil: eng ko‘p tadbirkorlik sub’ekti Samarqandda ro‘yxatga olindi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mamlakatimizdagi iqtisodiy vaziyatni baholash uchun har oyda hududlar va tumanlar miqyosida tadbirkorlik faoliyati holatini o‘rganib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda hisoblab chiqiladi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yil 1 yanvaridan 31 martigacha bo‘lgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,4 foizga oshgan.
Jumladan, Buxoro (42,4 foiz), Farg‘ona (40,8 foiz), Xorazm (36,6 foiz), Samarqand (35,7 foiz), Andijon (32,2 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (32,8 foiz) va Toshkent shahrida (49,0 foiz) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Soliq tushumlarining o‘sishi soliq bazasini kengaytirish (soliq islohotlari va soliq imtiyozlarini bekor qilish), iqtisodiy o‘sish (shuningdek, 2020 yilda joriy etilgan karantin chektovlarini yumshatish), soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirish va tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish hisobiga ta’minlandi.
Tahlil qilinayotgan davr uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 45,7 foizga oshdi. Daromadning eng katta o‘sishi Jizzax (2,8 barobar), Sirdaryo (2,0 barobar), Xorazm (1,9 barobar), Qashqadaryo (77,8 foiz), Buxoro (70,1 foiz) va Andijon (62,7 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Bojxona tushumlarining o‘sishi import hajmining va valyuta ayirboshlash kursining o‘sishi, bojxona organlari tomondan bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, tovarlarni erkin muomalaga chiqarish jarayonlarini tezlashtirish va bojxona ma’muriyatchligiga yangi metodlarni joriy etish hisobiga ta’minlandi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,2 foizga oshgan. Tovarlar eksport hajmining o‘sishi Qashqadaryo (63,4 foiz), Namangan (44,2 foiz), Farg‘ona (38,1 foiz),Samarqand (35,4 foiz), Sirdaryo (29,1 foiz) va Navoiy (17,6 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat, oziq-ovqat, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari bilan izohlanadi.
Joriy yil 1 yanvaridan 31 martigacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sdi.
Berilgan kreditlar hajmining o‘sishi Andijon (83,5 foiz), Samarqand (59,5 foiz), Farg‘ona (26,3 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida (18,5 foiz) kuzatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, bazis davrda (2021 yil yanvar va fevral) iqtisodiyotning real sektoridagi yirik loyihalarga kreditlar ajratilgan. Hisobot davrida asosan, ushbu loyihalar uchun kreditlarni qaytarish bo‘yicha operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 43,8 foizga o‘sdi. Birjada savdo faolligining sezilarli o‘sishi Navoiy (62,7 foiz), Jizzax (60,3 foiz), Xorazm (46,6 foiz) viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (64,7 foiz) va Toshkent shahrida (92,3 foiz) kuzatildi.
Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qora metallar, paxta tolasi, katod qoplamali metall, polietilen, ozuqabop bug‘doy, qurilish materiallari, spirtli ichimliklar kabi tovarlar savdosini ko‘paytirish orqali ta’minlangan.
Bu davrda 49 923 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Samarqand (6149), Farg‘ona (4702), Toshkent (4305), Andijon (4119), Qashqadaryo (3 835) viloyatlarida va Toshkent (6990) shahrida ro‘yxatga olingan.
Yusup Jumabayev,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassisi.
O‘zA