Tahdidlarga qarshi ma’rifat bilan
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish hamda xodimlarning huquqiy ongi va ma’naviy mas’uliyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir viloyat ichki ishlar organlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Sirdaryo viloyati boshqarmas hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etildi. Unda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi, xodimlarning ota-onalari va yaqin qarindoshlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar mas’ullari qatnashishdi.

Uchrashuvda mamlakatimiz tinchligi, jamiyat barqarorligi va fuqarolar xavfsizligiga tahdid soluvchi diniy ekstremizm hamda terrorizmning kelib chiqish omillari, ularning salbiy oqibatlari va mazkur xavf-xatarlarni bartaraf etishda ma’rifiy yondashuvning o‘rni xususida atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi global axborot makonida yoshlarda mustahkam mafkuraviy immunitet, tanqidiy va mustaqil fikrlash ko‘nikmasi hamda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish ularni turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan muhofaza qilishning eng samarali vositalaridan biri hisoblanadi.

Tadbir davomida mavzuga oid tarbiyaviy videoroliklar namoyish etildi va ular yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Mutaxassislar ekstremistik g‘oyalarning tarqalish usullari, yolg‘on axborotlarni tanib olish, internetdan xavfsiz foydalanish madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilishda oila, ta’lim muassasalari va davlat idoralarining o‘zaro hamjihatligi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini asoslab berdilar.
Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. So‘zga chiqqanlar korrupsiya har qanday davlat tizimining samaradorligiga putur yetkazib, fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini susaytiruvchi xavfli illat ekanini ta’kidladilar. Shu bilan birga, bojxona organlarida halollik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirish dolzarb vazifa ekaniga urg‘u berildi.

Shuningdek, tizimda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, xizmat intizomini mustahkamlash va kasbiy mas’uliyatni oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, xodimlarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlash va qonuniy huquq hamda manfaatlarini himoya qilish tizimda halollik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda ishtirok etgan ota-onalar ham farzandlarni halollik, vatanparvarlik va yuksak mas’uliyat ruhida tarbiyalashda oilaning o‘rni beqiyos ekanini qayd etdilar. Ular bunday uchrashuvlar davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlarning ma’naviy kamoloti, xizmat burchiga sadoqati va shaxsiy mas’uliyatini yanada kuchaytirishini ta’kidlashdi.
Uchrashuv yakunida farzandlarini yurtga sadoqat, halol mehnat va fidoyilik ruhida tarbiyalab, ularning davlat xizmatida munosib faoliyat yuritishiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi nomidan tashakkur izhor qilinib, ularning ibratli tarbiyasi yuksak e’tirof etildi.


— Bu kabi ma’rifiy uchrashuvlar xodimlarda huquqiy ong va mafkuraviy immunitetni yanada mustahkamlash, davlat xizmatida halollik va mas’uliyat muhitini qaror toptirish, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan muhofaza qilishda muhim o‘rin tutadi, — deydi Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Mansurjon Nabiyev.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri