Taekvondochilarimiz Turkiyada zafar quchmoqda
Ayni kunlarda Turkiyaning Antaliya shahrida taekvondo “WT” bo‘yicha “G2” toifasiga kiruvchi “Turkish Open-2025” xalqaro turniri davom etmoqda. Mazkur musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan eng kuchli sharqona yakkakurash ustalari ishtirok etayotgani uning nufuzini yanada oshirmoqda.
Turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham munosib natijalarga erishmoqda. Musobaqada jami olti nafar sportchimiz dayangga ko‘tarildi va yakunda ikkita kumush va hamda bitta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Jumladan, musobaqaning final bahslarida Namangan viloyati vakilasi, “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Gulsanam Alijonova 73 kilogramm vazn toifasida Vatanimiz sharafini himoya qilib kumush medali bilan taqdirlandi.

Mazkur muvaffaqiyatli natija mamlakatimiz sport delegatsiyasining g‘aznasini yana bir sovrin bilan boyitdi. Gulsanamning ushbu g‘alabasida uning mehnati va tinimsiz mashg‘ulotlari samarasi, qolaversa murabbiylari – aka-uka Xolmurod va Ma’murjon Nozimovning katta hissalari bor.
Sportchilarimizning xalqaro arenalardagi yuksak g‘alabalari O‘zbekiston taekvondosining jahondagi nufuzi tobora ortib borayotganligining yana bir karra yorqin isbotidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA