Taekvondochilarimiz tantanali kutib olindi
Toshkent xalqaro aeroportida Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida taekvondo WT bo‘yicha kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida munosib ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi rahbariyati, sport jamoatchiligi, ommaviy axborot vositalari va sportchilarning yaqinlari ishtirok etib, qit’a chempionatida tarixiy natija qayd etgan terma jamoa a’zolari hamda murabbiylarni muborakbod etdi.

To‘rt kun davom etgan nufuzli musobaqada Osiyoning 37 mamlakatidan 666 nafar sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi musobaqani 2 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza, jami 11 ta medal bilan yakunlab, umumjamoa hisobida kuchlilar qatorida o‘rin oldi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, musobaqada Ozoda Sobirjonova (-67 kg.) va Svetlana Osipova (+73 kg.) oltin, Madina Mirabzalova (-57 kg.), Diyorbek To‘xliboyev (-68 kg.), Jasurbek Jaysunov (-80 kg.), Yodgorbek Jo‘raboyev (-87 kg.) va Marat Mavlonov (+87 kg.) kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bronza medallari esa Jahongir Xudoyberdiyev (-54 kg.), Omonjon Otajonov (-58 kg.), Nazarali Nazarov (-63 kg.) hamda Najmiddin Qosimxo‘jayevga (-74 kg.) nasib etdi.
– Taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati doimo kuchli raqobat ostida o‘tadi. Shu bois ham ushbu musobaqa oldidan doimo jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz, –deydi Ozoda Sobirjonova. – Bu galgi chempionatda ishtirok etgan barcha sportchilar yuqori salohiyatga ega edi. Shunday bo‘lsa-da, murabbiylarimizning to‘g‘ri ko‘rsatmasi va xalqimizning duosi sabab musobaqa g‘olibiga aylandim. Kelgusida Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lish niyatidaman.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasining mazkur natijasi mamlakatimizda taekvondo WT bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlar, sportchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda murabbiylar mehnatining amaliy samarasi bo‘ldi.

Qit’a chempionatida qayd etilgan ushbu natijalar kelgusida bo‘ladigan nufuzli turnirlar oldidan tashlangan muhim qadamdir.
Javohir Toshxo‘jayev,
Samandar Isoqov,
O‘zA