Tadbirkorlarga 400 ming yevro kredit ajratiladi
O‘zbekiston va Germaniya taraqqiyot banki (KfW) o‘rtasida “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida qarz bitimi imzolandi.
O‘zbekiston iqtisodiy forumida xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy hukumatlar, yirik banklar va investorlar, konsalting va audit firmalari vakillari ishtirok etmoqda.
Forum doirasida Germaniya taraqqiyot banki (KfW) ishtirokida «Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash» loyihasi doirasida qarz bitimi imzolandi.
Bitimga ko‘ra, tadbirkorlarga 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga 400 ming yevro ekvivalentiga teng bo‘lgan miqdorgacha kredit ajratiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, kredit taqdim etish shartlari quyidagilardan iborat: xususan, kredit hajmi 26,8 million yevro, grant hajmi 3 million yevro;
stavkasi 2 foizdan,
muddati 30 yil, imtiyozli davri 10 yildan iborat.
Ta’kidlash joizki, kredit mablag‘lari iqtisodiyotning barcha sohalari, shu jumladan, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, qishloq tadbirkorligi va boshqa yo‘nalishlarda barcha tadbirkorlar uchun ajratiladi.
UZAIFSA 3 million yevro grant mablag‘larini dastur doirasida konsultant tomonidan amalga oshiriladigan xizmatlarni moliyalashtirish uchun ajratadi («Qo‘shimcha chora-tadbirlar» komponenti).
«Qo‘shimcha chora-tadbirlar» komponentini amalga oshirish uchun KfW tomonidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan dastlabki tanlov va xalqaro ochiq tender asosida mustaqil malakali konsultant jalb qilingan.
Shuningdek, loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda amalga oshirilishi (Germaniya taraqqiyot banki shartlariga asosan Toshkent shaxridan tashqari) hamda kredit mablag‘lari qishloq hududlarida joylashgan tashabbuskorlarning iqtisodiyotning barcha sohalari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi subloyihalarini moliyalashtirish uchun taqdim etiladi.
Tijorat banklari tomonidan loyiha tashabbuskorlariga kredit mablag‘lari quyidagi shartlar asosida ajratilishi rejalashtirilgan:
- Tijorat banklari tomonidan loyiha tashabbuskorlariga kredit mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi valyutasida ajratiladi va kredit mablag‘larining foiz stavkalari tijorat banklarining ichki siyosatidan kelib chiqqan hamda loyiha tashabbuskorlari bilan kelishilgan holda belgilanadi;
- Kredit mablag‘lari loyiha tashabbuskorlariga 3 yildan kam bo‘lmagan muddatga 400 ming yevro ekvivalentiga teng bo‘lgan miqdorgacha ajratiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA