Tadbirkorlar murojaatlari joyida hal etilmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va mavjud muammolarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi hamda Biznes-ombudsman vakillari hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ham aynan shu maqsadga qaratildi.
Muloqot davomida Samarqand shahrida faoliyat yuritib kelayotgan “D. R.” MCHJning elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha qilgan murojaati joyida o‘rganildi. Mutaxassislar tomonidan mavjud qarzdorlik holati batafsil tahlil qilinib, uni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. Olib borilgan ishlar natijasida tadbirkorlik sub’ektining elektr qurilmalari qayta tarmoqqa ulanib, korxona faoliyatining tiklanishiga erishildi.
Shuningdek, avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchasi faoliyatini boshlash uchun ruxsatnoma olish masalasi yuzasidan qilingan murojaat ham ijobiy hal etildi. Mutasaddilar tomonidan tadbirkorga tegishli tartib-taomillar, talablar va zarur hujjatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Umuman olganda, sayyor qabul davomida jami 14 nafar murojaatchining masalalari ishchi guruh tomonidan tezkorlik bilan ko‘rib chiqildi. Ularning aksariyati joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan murojaatlar yuzasidan mas’ul idoralarga aniq vazifalar yuklatildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA