Tadbirkorlar muammolari nazoratga olindi
Namanganda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan “20 avgust – Tadbirkorlar kuni” oldidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan “Tadbirkorlik rivoji uchun yangi taklif va tashabbuslar” shiori ostida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirkorlik sohasida yechimini kutayotgan tizimli muammolarni o‘rganish va takliflar tayyorlashga qaratilgan mazkur anjumanda viloyatdagi ikki yuzdan ortiq ishbilarmonlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari, soliq, audit, bojxona va buxgalteriya sohalaridagi yetakchi ekspertlar, davlat idoralarining mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari To‘ra Bobolov mamlakatimizda so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, aholini kichik biznesga jalb etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi. Keng ko‘lamli ishlar natijasida Namangan viloyati mamlakatimizning sanoat va tadbirkorlik markaziga aylangani ta’kidlandi.
[gallery-12613]
Hozirgi kunda tadbirkorlar duch kelayotgan tizimli muammolarni hal etish bo‘yicha yurtimizda qator tashkilot va boshqarmalar faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha maqbul yechimlar taklif etayotir.
– Tadbirkorlikni boshlaganimga o‘n yildan oshdi. Sihatgoh hududidagi bo‘sh yerda ijara asosida ishlab, hozirda marmar tosh mahsulotlarini ishlab chiqarmoqdamiz, – deydi Yangi Namangan tumanidagi “Marmar Granit Fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobchisi Hojiakbar Olimov. – O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 535-moddasida ijara shartnomasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga doir norma keltirilgan bo‘lib, unga ko‘ra, davlat mulki ob’ektlaridan foydalanishda ijara shartnomalarini imzolashda bir yildan ortiq muddatga imzolagan taqdirda shartnomalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Ko‘rsatilgan muddat uch yildan ortiq muddatga tuzilgan shartnomalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi joriy etilsa, tadbirkorlarning millionlab mablag‘lari tejalgan bo‘lardi.
Amaliy uchrashuvda o‘rtaga tashlangan tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammolar hamda biznesga yanada qulaylik va yengilliklar yaratishga qaratilgan barcha taklif va tashabbuslar ro‘yxati shakllantirilib, o‘rganib chiqish uchun nazoratga olindi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.