Tadbirkorlar muammolari mutasaddilar nazoratida
Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Buxoro viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar vakillari bilan uchrashdi.
Joriy yilning 18 yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, investitsiyalarni jalb qilish, mahsulotlarni qayta ishlash orqali eksport hajmini oshirish masalalari muhokama etilib, istiqbolli rejalar belgilab berilgan edi. Aynan mazkur yo‘nalishda mas’ul etib belgilangan Bojxona qo‘mitasi va hududiy bojxona boshqarmalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘mak berishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.


Buxoro viloyatida 2024 yilning o‘tgan davrida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lgan 10 ta loyihalar shakllantirilgan. Ular to‘liq ishga tushirilishi natijasida jami 800 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Qo‘mita raisi tashkilotchilar bilan bevosita muloqot jarayonida tadbirkorlik sub’ektlarining istiqbolli loyihalarini yanada kengaytirishda har tomonlama yordamga shay ekanligini ta’kidladi. Bojxona organlari tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz hamda preferensiyalardan o‘rinli foydalanishga chaqirdi.


E’tiborlisi, o‘nlab yangi korxonalarning ishga tushirilishi nafaqat ichki bozorlarimizni sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan to‘ldirishda, shuningdek, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostidagi mahsulotlarning eksportga yo‘naltirilishida ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida korxona vakillarining muammo va takliflari birma-bir tinglanib, masalalarga yechim topish maqsadida mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.