Tadbirkorlar himoyasi yanada mustahkamlanmoqda
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi, viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida “Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishning muhim masalalari va xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi, viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida “Tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishning muhim masalalari va xususiy mulkni har tomonlama himoya qilish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi faollari, prokuratura, sud, ichki ishlar idoralari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy va huquqiy sohalarni yanada isloh qilish, erkin tadbirkorlik faoliyatini qaror toptirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev joriy yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon mazkur sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ularning faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.
– Farmonda 2017-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoyalashga qaratilgan ko‘plab normalar amal qilishi belgilangan, – deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i A.Xalilov. – Endi kichik biznes korxonalari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi. Yuridik shaxslar tugatilayotganida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilgani holatlari bo‘yicha bergan murojaatlari asosida faqatgina Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshirishlar bundan mustasno. Jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari ham bekor qilinadi, tadbirkorlarga nisbatan o‘z faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum etish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llanilmaydi.
Tadbirda kichik biznes rivoji yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishda xo‘jalik sudlarining roli, tadbirkorlar huquqini himoyalashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.