“Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” panel sessiyalar formatida o‘tdi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi”ning ikkinchi qismi iqtisodiy mavzularga asoslangan panel sessiyalari formatida davom etdi.
“Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish” masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohani raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligi sub’ektlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatda bozor tamoyilini joriy etish hamda zamonaviy resurs tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar tomonidan namoyish qilingan taqdimotlar qishloq xo‘jaligida klasterlar, fermer va dehqon xo‘jaligi munosabatini mustahkamlash, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash orqali chet el bozorlariga eksportga yo‘naltirish, don mahsulotlari – bug‘doy, arpa, tariq hamda dukkakli mahsulotlarni ilmiy asoslangan yondashuv bilan yetishtirishni yanada kengaytirish masalalarini qamrab oldi.
Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini jadallashtirish hamda veterinariya sohasi va chorvachilikning barcha tarmoqlarini, xususan, qoramolchilik, qo‘ychilik, qorako‘lchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va quyonchilikni rivojlantirish to‘g‘risida fikr almashildi.

“Soliq tizimi, bojxona, tarif va notarif masalalar hamda mamlakatning xalqaro tuzilmalarga integratsiyalashuvi” seksiya yig‘ilishida soliq to‘lovchilar o‘z majburiyatini ixtiyoriy bajarishi uchun maqbul shart-sharoit yaratish, bojxona faoliyatini takomillashtirish hamda tashqi savdo operatsiyalari zarurati ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilarning qayd etishicha, “Soliq xizmati – insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori” degan vazifani so‘zsiz bajarish lozim.

Davra suhbatida tarif va notarif siyosatini tartibga solish, mamlakatning xalqaro tuzilmalarga integratsiyalashuvi, ya’ni Jahon savdo tashkiloti va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hamda «GSP+» tizimi doirasidagi imtiyozlarni respublikamizda samarali qo‘llash tartibi muhokama qilindi.
Uchinchi seksiya: “Davlat xaridlari, birja masalalari hamda tadbirkorlik sohasida raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish”.
Samarali muloqot chog‘ida davlat xaridlari ochiqlik va shaffoflik prinsipi asosida amalga oshirilishi, sohada tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar mazmuni aytib o‘tildi.

Davlat xaridlari va birja masalalarida monopoliyani oldini olish orqali sog‘lom raqobat yaratish, tadbirkorlik sohasida raqamlashtirish jarayoni to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Yig‘ilish so‘nggida B2B, B2G va B2C formatida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Shu tariqa haftalikning birinchi kuni yakuniga yetdi. Ertaga, 18 avgust kuni “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” doirasida yana qator yig‘ilishlar o‘tkaziladi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA