Tadbirkor qurayotgan imorat noqonuniymi?
Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyati Kitob shahri Aliquchchi mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar nomidan mahallada tadbirkor tomonidan noqonuniy imorat qurilayotgani va bu aholiga noqulaylik tug‘dirayotgani xususida murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida manzil sari yo‘lga tushdik.
Tuman markazida joylashgan ushbu manzilga torroq yo‘laklardan kirib bordik. Murojaatchilar ta’kidlayotgan qurilish haqiqatda odamlarning uyiga yaqinroq joylashgan va hozirda podval qismi qurilgan. Ushbu qurilishga yaqin joyda 5-6 ta xo‘jalik yashamoqda va ularning darvozalari o‘sha tomonga qaragan.
Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor katta ko‘cha bo‘yidagi 80 o‘rinli eski maishiy xizmat ko‘rsatish binosini ancha yillar oldin xususiylashtirib olgan. Shu binoning orqa tomonida kattagina maydoncha ya’ni hozir qurilish bo‘layotgan joy mavjud bo‘lgan va aholi undan bolalar maydonchasi sifatida foydalanib kelgan. Ba’zan katta-kichik tadbirlar ham o‘tkazilgan. Xullas bir qarashda aholiga xizmat qilgan, ammo hech kimning balansida bo‘lmagan ochiq maydon bo‘lgan. Tadbirkor esa xususiylashtirib olgan binoning birinchi qavatida sport sog‘lomlashtirish markazi tashkil qilish va unga qo‘shimcha bino qurish maqsadida xalq foydalanib turgan ochiq maydonni qonuniy o‘zlashtirib olgan.
– Shu mahallada 30 yildan buyon yashaymiz, – deydi Orzugul Qurbonova. – Bu joydan bolalarga maydoncha qilib berishni maqsad qilgan edik. 2022 yil sentyabr oyidan sport kompleksi qurilishini boshlashdi. Tuman hokimligiga murojaat qildik. Darvozamizning tagigacha imorat qurib qo‘yishdi. Bu ham yetmagandek, tumshug‘imizning tagidan hojatxona va chiqindi suvlari uchun hovuz qurishmoqda. Bu ustimizdan kulish emasmi. Biz ham insonga o‘xshab yashashimiz kerakku.
Haqiqatda hovlilardan chiqishingiz bilan yamaga duch kelasiz. Nahotki, ertaga undan tarqaladigan badbo‘y hidning nojo‘ya oqibatlari haqida hech kim o‘ylamasa.
– Hozir tadbirkor 2018 yilda chiqarilgan tuman hokimining qarorini dastak qilib olgan. Aslida o‘sha qarorning o‘zi noqonuniy, – deydi Xurshid Ravshanov. – Bolalarimizning o‘ynaydigan maydonchasi bo‘lsa, beshta xonadonga shu yerdan kirib chiqiladi. To‘yimiz bor, a’zamiz bor. Orqamizdan mehmon keladi. Mashinasini qayerga qo‘yadi. Hatto kirsa qayrilib olishi qiyin. Xudo ko‘rsatmasin yong‘in o‘chirish mashinasiku umuman yaqinlasha olmaydi. Keyin bu qarorni chiqqaniga 4,5 yil bo‘lgan. Qarordan keyin 3 yil ichida qurilish qilinmasa qaror o‘z kuchini yo‘qotar ekan. Bu 4,5 yil deganda boshlayapti. Umuman olganda peshanamizni tepasidan imorat qurish uchun atrofdagi yashaydigan odamlarning roziligini ham olish kerakmi, yo‘qmi. Biz tadbirkor qurilishni boshlagandan keyin bundan xabar topdik. Yo‘l yopilgan, bolalar maydonchasini egallab olgan, texnika kelishga imkoniyat yo‘q. Bu masala bo‘yicha hokimni qabuliga bordik. Mas’ulllariga topshiriq berdi. O‘rganinglar dedi. Bir hafta kutdik. Keyin qachon kelib ketganini ham bilmaymiz. Izidan xat keldi. Ushbu qurilish qonuniy degan. Bu qurilish emas, balki unga ruxsat berayotgan tuman hokimi qarorining o‘zi noqonuniy chiqqan. Bu ketishda bo‘lsa, erta bizning hovlimizni ham buzib imorat qurib tashlaydida. Shahar atrofiga sport kompleksi qurish uchun yer kammi. Zaxira yer deyapti. Qanaqa zaxira yer bo‘lishi mumkin. Mahalla guzarini yeri bu. Yuz foiz ishonch bilan aytamanki, bu masalaga korrupsiya aralashgan.
[gallery-11333]
Murojaatni o‘rganar ekanmiz, holatdan aholining keskin norozi ekanini ko‘rish mumkin. Ushbu masala yuzasidan mas’ullardan ham izoh so‘radik.
– Savolingizga javob beradigan bo‘lsam, 2018 yilda fuqaro tuman hokimligiga yer ajratish to‘g‘risida murojaat qilgan, – deydi Kitob tumani qurilish bo‘limi mutaxassisi Ma’ruf Bahriddinov. – Bu shaharni bosh loyihasini tayyorlagan tashkilotga yuborilgan. Ularning ruxsati olingach, boshqa tegishli tashkilotlarning ham ruxsati olingan va shu hujjatlarga tayanib tuman hokimining qarori chiqqan. Xullas, tadbirkorning hamma hujjatlari qonuniy. Bu yerdan sport sog‘lomlashtirish maskani quryapti. Yer kodeksiga binoan 3 yil ichida boshlash kerak, ammo karantin tufayli cho‘zilib ketgan. Tuman hokimning qarorini bekor qilish bizning vakolatimizga kirmaydi. Buning uchun norozi tomonlar sudga murojaat qilishi kerak.
Uzoq chaqiruvdan keyin qurilishni amalga oshirayotgan tadbirkor ham yetib keldi. Bir dunyo hujjatlarni bizga ko‘rsatdi.
– Ko‘rib turganingiz maishiy xizmat ko‘rsatish binosi ichida bizga tegishli joyimiz bor, – deydi tadbirkor Avloqul Sultonov. – O‘shanga qo‘shimcha sport sog‘lomlashtirish qilamiz degan edik. Qilayapmiz ham. Qo‘limda hamma hujjatlar mavjud. Bu yerdagi qurilish aholiga xalaqit bermaydi. Qurilish tugagach atrofi to‘liq obodonlashtiriladi. Mana hozirning o‘zida ham katta-katta texnikalar bemalol kirib kelib ishini bajarib ketyapti.
Xullas, tadbirkor qurilishni bajarish uchun barcha hujjatlari borligini ta’kidlaydi, aholi esa hammasi noqonuniyligini, erta bino qurilib bitgach ular uchun turli muammolar yuzaga kelishini, kirib chiqishga qiynalayotganini ta’kidlaydi.
Hujjatlarga qarasak, tadbirkor haqdek. Ammo u yerdagi ahvolni kuzatsak odamlarning gaplarida ham jon borday. Vijdonimizga quloq solsak, ko‘p narsalardan qaytgan bo‘larmidik, ammo afsuski vijdon amri huquqiy baho berishga yetmaydi. Xulosa o‘zingizdan.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.