Tadbirkor ayollarimiz doimiy e’tiborda
Farg‘onada “Kelajakni barpo etamiz: xalqaro xotin-qizlar kunida ayol tadbirkorlarni qadrlaymiz” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi. BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan “Hamroh”xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi va boshqa hamkorlar ko‘magida tashkil qilingananjumanda siyosatchilar,ekspertlar ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlari iqtisodiy imkoniyatini kengaytirish bilan bog‘liq muammolar va imkoniyatlarni muhokama qildilar.
Xalqaro xotin-qizlar kuniga daxldor “Barcha ayollar va qizlar uchun: huquq, tenglik, imkoniyat” global mavzusi doirasida uyushtirilgan muloqot davomida ayollarning iqtisodiy mustaqilligini oshirish, ularning tadbirkor sifatida rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash muhimligiga e’tibor qaratildi.
“Hamroh” kompaniyasi tomonidan yangi loyiha rasman yo‘lga qo‘yilishi tadbirning asosiy voqeasi bo‘ldi. BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan mazkur tashabbus mamlakatda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
BMT TD doimiy vakili Akiko Fujii ayollar biznesdagi muvaffaqiyati uchun qulay muhit yaratish muhimligini ta’kidladi:
– Ayol tadbirkorlarga ko‘maklashish – barqaror rivojlanishga sarmoya kiritishdir. Xotin-qizlar muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun zarur sharoitga ega bo‘lsa, bundan butun jamiyat foyda ko‘radi. BMT Taraqqiyot dasturi muayyan to‘siqlarni bartaraf etish orqali ayollar salohiyatini yuzaga chiqarish yo‘lida O‘zbekiston bo‘ylab hamkorlar bilan ishlashda davom etadi.
“Hamroh” kompaniyasi direktori Dilfuza Nurmatova ta’kidlashicha, ushbu qo‘shma loyiha ayollar uchun ta’lim va kasbiy rivojlanish, shuningdek mentorlik va akseleratsiya dasturlarini o‘z ichiga olgan ekspert yordami orqali iqtisodiy imkoniyatni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek u jamoa yurtimizda ayol tadbirkorlar uchun bepul konsalting xizmati taqdim etuvchi ilk korxona ekanini aytib, xotin-qizlarga muvaffaqiyatli biznes yuritishda ilhom berish asosiy maqsad sifatida belgilanganiga e’tibor qaratdi.
Tadbir davomida Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan “Aid for Trade” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqot natijasi ham taqdim qilindi. Mazkur tashabbus doirasida mutaxassislar ayol tadbirkorlar duch kelayotgan asosiy muammolar – oilaga g‘amxo‘rlik majburiyati, cheklangan moliyalashtirish imkoniyati va tarmoqdagi to‘siqlarni o‘rgandi.
BMT TD ekspertlari xotin-qizlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish, moliya va ta’lim imkoniyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida xulosalar butun mamlakat bo‘ylab muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan ayol tadbirkorlar hikoyalari bilan boyitildi. Ular o‘zlari duch kelgan qiyinchiliklar, erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zA