Tabiiy monopoliyalar sohasida qanday o‘zgarishlar yuz bermoqda?
Raqobat qo‘mitasi tomonidan joriy yilning yanvar–sentabr oylarida tabiiy monopoliyalarni tartibga solish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Brifingda sohada raqobat muhitini rivojlantirish, monopoliyalar sonini qisqartirish, tartibga solinadigan narx va tariflarning asosli qo‘llanilishini ta’minlash, tadbirkorlar va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
So‘nggi uch yilda tabiiy monopoliya sub’ektlari hisoblangan korxonalar, ish va xizmatlar soni 140 tadan 78 tagacha, ya’ni 44 foizga qisqardi. Ayni paytda 78 ta korxona 10 turdagi tovarlar, ishlar va xizmatlar bo‘yicha tabiiy monopoliya sub’ekti sifatida e’tirof etilgan.
Brifing davomida tadbirkorlar huquqlarini tiklash bo‘yicha amaliy natijalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, «Universal Mobile Systems» MCHJ (Mobiuz) foydasiga 1,1 milliard so‘mni qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirildi. «Vodiy Sof Qog‘ozi» MCHJga asossiz hisoblangan 340,8 million so‘m qarzdorlik hisobdan chiqarildi.
Shuningdek, elektr tarmog‘iga qayta ulash bilan bog‘liq 965 ta holatda jami 5,5 milliard so‘m miqdorida asossiz to‘lovlar undirilgan bo‘lishi mumkinligi aniqlanib, mazkur holatlar Maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini takomillashtirish, raqobat muhitini yaxshilash va tabiiy monopoliyalar sohasiga xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.
Brifing yakunida sohada shaffoflikni ta’minlash, erkin bozor tamoyillarini kengaytirish va tadbirkorlar hamda iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA